
Aynan shu kunlarda O‘zbekiston futbolida yana bir quvonchli voqelik ro‘y berdi. Bu safar asosiy qahramon – hujumkor qanot futbolchisi Nodirbek Bobomurodov bo‘ldi.
Hozirgi paytda Angliya chempionatida harakat qilayotgan yagona o‘zbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanovdan so‘ng, yana bir hamyurtimiz Buyuk Britaniya futbolidagi yo‘lini rasman boshladi.
Britaniya matbuoti tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 26 yoshli Bobomurodov Londonning eng qadimgi futbol klubi sanalgan “Krey Uonderers” bilan to‘liq rasmiy shartnoma imzoladi. Bu klub Angliyaning 7-divizionida ishtirok etadi va tarixiy ahamiyatga ega jamoalardan biri hisoblanadi.
“Krey Uonderers” – 165 yillik tarixga ega bo‘lgan klub bo‘lib, London shahridagi ilk futbol jamoasi sifatida tan olingan. U o‘zining tashkil etilgan sanasi bo‘yicha faqat “Sheffild” klubidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. “Myunxen-1860” va “Xallam” kabi klublar bilan teng yoshda.
Nodirbekning futbol bilan tanishuvi aynan Angliya zaminida boshlangan. U 2018 yildan beri qator klublarda to‘p surgan: “Sheppey Yunayted”, “Sout Park”, “Chesxant”, “Korintian-Kas”, “Xangerford”, “Uerting”, “Kingstonian”, “Chatxem”, “Bognor Regis”, “Littlxempton”, “Tri Bridjes” kabi jamoalarda u faol harakat qilgan.
2023 yilda u qisqa muddatga O‘zbekistonga qaytib, “Surxon” safida harakat qilgan. Ammo bu yerda unga to‘liq ochilish imkoni berilmadi va yarim yildan so‘ng u yana Angliyaga yo‘l oldi.
Qizig‘i shundaki, Bobomurodov oxirgi bor Afg‘onistonning “Attak Enerji” jamoasida to‘p surdi. U yerda chempionat kumush medaliga ega chiqdi. Ammo klub tarqab ketgani bois, u yana Angliyaga qaytib, “Krey Uonderers”ning yangi a’zosiga aylandi.
Ta’kidlash joiz, Bobomurodov hujumda universal vazifalarni bajara oladi. U asosan o‘ng qanotda o‘ynasa-da, chap qanotda va hujumchi ortida ham maydonda o‘zini erkin tutadi.
Nodirbekning Angliyaga qaytishi nafaqat shaxsan o‘zi uchun, balki o‘zbek futboli uchun ham katta yutuq sifatida baholanmoqda. Chunki u endi Yevropa futbolidagi tarixiy klubning bir bo‘lagiga aylandi.
Boshqacha aytganda, “Krey Uonderers” safidagi yangi mavsum nafaqat klub uchun, balki o‘zbek futboli uchun ham katta sinov bo‘ladi. Bu yo‘lda Nodirbekga omad va muvaffaqiyat tilab qolamiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar