
Kataloniyaning mashhur klubi “Barselona” safida to‘p surayotgan braziliyalik vinger Rafinya 2025 yilgi “Oltin to‘p” mukofoti borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, futboldagi individual mukofotlardan ko‘ra inson sifatida qanday bo‘lish muhimroq.
— Menimcha, “Oltin to‘p” haqiqiy adolat asosida berilishi kerak. Uning kimga berilishi mening shaxsiy fikrimga bog‘liq emas. Bu mukofotni har qanday futbolchi qo‘lga kirita olmaydi. Men uchun eng katta yutuq — o‘z uyimda, farzandlarim, oilam va yaqinlarim uchun dunyodagi eng yaxshi inson bo‘lish, — dedi Rafinya “Sport” nashriga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoadoshi Lamin Yamal kelajakda jahon futboli yulduzlaridan biriga aylanishi mumkin:
— Yamal — haqiqatan ham ajoyib iqtidor sohibi. Agar mehnatdan to‘xtamasa, uzoq yillarda dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylanishi mumkin. Bu faqat uning o‘ziga bog‘liq. Chunki unda talant bor, endi esa izchil mehnat kerak, — deb ta’kidladi Rafinya.
Ma’lumot uchun, “Barselona” jamoasi o‘tgan mavsumda Ispaniya La Ligasi chempionligini, Ispaniya Kubogini va Superkubokni qo‘lga kiritgan. Bu esa jamoa a’zolari orasida “Oltin to‘p”ga munosiblar soni ko‘p ekanini anglatadi.
Har holda, Rafinyaning inson qadri va shaxsiy rivojlanishga bergan e’tibori — sportdan tashqarida ham ibratli yondashuv hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!