Yangi mavsumning eshik qoqayotgan paytida o‘zbekistonlik yosh futbolchi Abduqodir Husanov atrofidagi qiziqish yanada kuchaydi. Uning kelajagi va "Manchester Siti"dagi istiqboli nafaqat yurtimizdagi, balki Yevropa futbol jamoatchiligidagi ko‘plab muxlislarning diqqat markaziga aylangan, deb yozdi esteemedkompany.com.
21 yoshli markaziy himoyachi uchun boshlanayotgan mavsum o‘ta muhim ahamiyatga ega. Bu yilgi o‘yinlar nafaqat Angliya chempionati, balki AQSH, Meksika va Kanada mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga olib boradigan murakkab yo‘lning ilk bosqichi sifatida qaralayotganini ham unutmaslik kerak.
Ko‘pchilik o‘ylab qolgan: "Manchester Siti" singari yulduzlarga to‘la tarkibda Husanovga haqiqiy imkoniyat beriladimi? Yoki u ijarada yanada ko‘proq o‘yin amaliyoti to‘plash maqsadida boshqa klubda faoliyat olib borgani yaxshimi?
Bir necha manbalarga tayangan holda Sports.uz yozishicha, “shaharliklar” rahbariyati va jamoa murabbiylar shtabi, xususan, bosh murabbiy Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovga katta ishonch bildirgan. Qizig‘i shundaki, unga nisbatan ijaraga berish takliflari bo‘lgan, lekin klub bu borada keskin qaror qabul qilgan — futbolchi jamoada qoladi!
Mashhur murabbiy uning imkoniyatlarini to‘liq baholab, yangi mavsumda Husanovni tarkibda saqlashga qaror qilgan. Bu – juda katta ishonch va mas’uliyat. Har qanday yosh futbolchi uchun bunday imkoniyat — nafaqat o‘zini ko‘rsatish, balki Yevropaning yetakchi jamoasida e’tibor markaziga chiqish imkoniyati hamdir.
Ma’lumotlarga qaraganda, yangi mavsumda Abduqodir rotatsiya o‘yinchisi sifatida maydonga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Unga Angliya Kubogi, milliy kubok turnirlari hamda Premer-ligadagi ayrim uchrashuvlarda asosiy tarkibda harakat qilish imkoniyati yaratiladi. Bu esa uning rivojlanishi va tajribasini oshirishga qaratilgan strategiyaning bir qismi, deya baholanmoqda.
E’tiborli jihat shundaki, “Manchester Siti” jamoasida himoya chizig‘ida katta o‘zgarishlar kutilmoqda. Vitor Reys ijaraga berilishi mumkin. Manuel Akanji va Don Stounzning kelajagi esa hozircha noaniqligicha qolmoqda. Bunday sharoitda Husanov uchun jamoadagi o‘rnini mustahkamlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Manchester Evening News nashri ham ushbu ma’lumotlarni tasdiqlagan holda, “Manchester Siti” boshqa klublardan kelgan takliflarga qaramay, o‘zbek futbolchisini jamoada saqlab qolish niyatida ekanini ta’kidlagan.
Biroq bu yerda muhim jihat bor: Husanovning kelajagi o‘z qo‘lida. Barcha narsa uning mashg‘ulotlarda qanchalik qat’iyatli va intizomli harakat qilishi, imkoniyat berilgan uchrashuvlarda o‘zini qanday namoyon qilishiga bog‘liq.
Klub murabbiylar shtabi uning salohiyatini kuzatib boradi va kelajakda uni asosiy tarkib a’zosiga aylantirish uchun kerakli tayyorgarlikni tashkil qiladi. Bu nafaqat Abduqodir uchun, balki o‘zbek futboli uchun ham katta sinov va ulkan imkoniyatdir.
Muxlislar esa endi uning har bir harakatiga, maydondagi o‘yiniga alohida e’tibor bilan qarashlari shubhasiz. Chunki Yevropa futbolida o‘z o‘rnini topayotgan vatandoshimiz — Abduqodir Husanovning har bir qadami tarixga aylanishi mumkin.
Abduqodir Husanovga ishonch ortyapti, Gvardiola qaror qildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar