Kataloniyaning mashhur klubi "Barselona" navbatdagi mavsum oldidan an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan Joan Gamper kubogi bahsini yuqori kayfiyatda o‘tkazdi. Bu musobaqa har yili klub tomonidan muxlislar uchun tayyorlanadigan o‘ziga xos bayram sanaladi. Ilk bor 1966 yilda tashkil etilgan ushbu turnir 1997 yildan boshlab faqatgina bitta o‘yindan iborat bo‘lib kelmoqda. "Blaugrana" tarixda bu sovrinni 46 marta qo‘lga kiritgan, so‘nggi 11 yilda esa biror marta ham uni qo‘ldan boy bermagan.
Dastlabgi rejaga ko‘ra, Gamper kubogi yangidan ta’mirlangan va modernizatsiya qilingan "Kamp Nou" stadionida o‘tkazilishi kutilgan edi. Biroq shahar kengashidan litsenziya olishda yuzaga kelgan texnik va ma’muriy muammolar sababli, klub bu rejani amalga oshira olmadi. Shu bois uchrashuv boshqa maydonda o‘tkazildi.
Bellashuvning o‘zi esa “Barselona” uchun mutlaq ustunlik bilan kechdi. Raqib "Komo"ga qarshi kurashda katalonlar ilk daqiqalardanoq hujumkor uslubda harakat qilib, muxlislarga tom ma’noda gollar shousini namoyish etishdi.
Hisob 21-daqiqada ochildi — Fermin o‘tkir hujumni aniq zarba bilan yakunlab, to‘pni darvoza tagiga yo‘lladi. Oradan 14 daqiqa o‘tib, u yana o‘zini ko‘rsatdi va hisobni 2:0 qildi. 37-daqiqada Rafinya maydon markazidan boshlangan kombinatsiyani samarali yakunlab, ustunlikni yanada oshirdi. Birinchi taym tugayotganda, 42-daqiqada Yamal yorqin individual harakatdan so‘ng to‘pni to‘rga yubordi — 4:0. Ikkinchi taym boshlanishidan ko‘p o‘tmay, Yamal yana bir gol urdi va hisobni 5:0 qilib belgiladi.
Uchrashuv protokoli:
"Barselona" — "Komo" 5:0
Gollar: Fermin (21), Fermin (35), Rafinya (37), Yamal (42), Yamal (49).
"Barselona" tarkibi: Joan Garsiya, Balde, Arauxo, Kubarsi, Erik Garsiya (Kunde, 46), de Yong, Pedri, Fermin, Rafinya, Yamal, Reshford (Torres, 46).
"Komo" tarkibi: Byute, Kempf, Vale (Moreno, 55), Voyvoda, van der Brempt (Ramon, 46), Serdji Roberto, Pas, Baturina (Kakre, 55), Ason (Da Kunya, 46), Duvikas (Rodriges, 46), Addai (Diao, 55).
Bu g‘alaba "Barselona" uchun mavsum oldidan jamoaviy uyg‘unlik va hujumdagi samaradorlikni ko‘rsatishda muhim signal bo‘ldi. Muxlislar esa har yili bo‘lganidek, Gamper kubogidan yuqori kayfiyat bilan tarqalishdi.