date

“Manchester Siti” Xavi Simons uchun transfer kurashini boshladi

“Manchester Siti” Xavi Simons uchun transfer kurashini boshladi

Angliyaning sobiq chempioni — “Manchester Siti” jamoasi Germaniyaning “RB Leypsig” klubi markaziy yarim himoyachisi Xavi Simonsni qo‘lga kiritish bo‘yicha faol harakat boshladi. Bu haqda mashhur sport jurnalisti Sasha Tavoleri o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali xabar tarqatdi.

Manbalar ta’kidlashicha, “shaharliklar” futbolchining vakili Ali Barat bilan uzoq vaqtdan beri bo‘lgan aloqalarni qayta yo‘lga qo‘ygan va hozirda “Chelsi” bilan olib borilayotgan muzokara jarayonida Simonsni o‘z safiga og‘dirish uchun harakat qilmoqda.

“Siti”ning yosh va iqtidorli yarim himoyachiga bunday qiziqishi braziliyalik tezkor qanot hujumchisi Savioning klubni tark etishi ehtimoli bilan izohlanmoqda. Insayder Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, “Tottenhem” Savio transferi bo‘yicha kelishuvga yaqin kelgan va u yaqin orada yangi klubga yo‘l olishi mumkin.

Avvalroq, Xavi Simonsga “Chelsi” ham jiddiy qiziqish bildirgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, ikki jamoa o‘rtasidagi muzokaralar ancha ilgarilab ketgani va kelishuvning asosiy shartlari muhokama qilingani ma’lum qilingan.

OAV tarqatgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Niderlandiya milliy terma jamoasi tarkibida muntazam o‘yin ko‘rsatayotgan Xavi Simons transfer natijasini kutib, hozircha “RB Leypsig”ning umumiy mashg‘ulot jarayonlariga qo‘shilmayapti. Bu esa uning yaqin kelajakda klubini almashtirishiga ishora sifatida qabul qilinmoqda.

Agar “Manchester Siti” muzokaralarda ustunlikka ega bo‘lsa, bu transfer klubning yarim himoya chizig‘ini yanada kuchaytirishi va yangi mavsumda taktik imkoniyatlarini ancha kengaytirishi mumkin. Muxlislar esa ushbu jarayonning natijasini katta qiziqish bilan kuzatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti” Xavi Simons uchun transfer kurashini boshladi