date

“Manchester Siti” Vinisius Junior uchun katta harakat boshladi

“Manchester Siti” Vinisius Junior uchun katta harakat boshladi

Yozgi transferlar oynasi Yevropa futbolida yana ko‘plab kutilmagan voqealarga yo‘l ochmoqda. Bu jarayon “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted”, “Arsenal”, “Real”, “Barselona”, “Bavariya” kabi doim chempionlik va yirik sovrinlar uchun maydonga tushadigan klublarning kelgusi yillar strategiyasini amalga oshirish bilan uzviy bog‘liq. Ispaniyaning mashhur manbalaridan biri — fichajes.net esa “Real”ning eng tortishuvli va gap-so‘zlarga sabab bo‘layotgan o‘yinchisi Vinisius Junior haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni oshkor qildi.

Manba va Indykaila News ma’lumotlariga ko‘ra, “Manchester Siti” hozirgi transfer davrida braziliyalik hujumchini o‘z tarkibiga qo‘shib olish bo‘yicha faol muzokara olib boryapti. Garchi Pep Gvardiola “Real”dagi boshqa bir braziliyalik yulduz — Rodrigo Goes bilan ham qiziqish bildirgan bo‘lsa-da, Vinisius unga ko‘ra yanada jozibador variant hisoblanmoqda.

“Real” bilan muzlatilgan shartnoma va noma’lum kelajak

Ayni damda madridliklar bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolgan. Bu esa futbolchining kelajagi borasidagi noaniqlikni kuchaytirayotir. 24 yoshli vinger Saudiya Arabistonidan taklif qabul qilish niyatida emas, balki keyingi manzili Yevropaning eng nufuzli klublaridan biri bo‘lishini istaydi. Vinisiusning amaldagi shartnomasi 2027 yilning 30 iyunida yakun topadi. Agar yangilanmasa, kelasi mavsumda arzon narxda, undan keyin esa erkin agent sifatida klubni tark etishi mumkin. Bu esa “Real” uchun katta moliyaviy yo‘qotishdir.

Premer-liga klublarining qiziqishi

Futbolchiga yaqin manbalar ta’kidlashicha, “Real”ning moliyaviy va sport yo‘nalishidagi taklifi Vinisius talablariga mos kelmayapti. Shu bois iqtisodiy jihatdan baquvvat Angliya Premer-ligasi klublari uning holatini sinchiklab kuzatmoqda. Xususan, Gvardiola o‘z tarkibini qisqartirib, ketgan futbolchilar o‘rniga Vinisiusni olib kelish orqali feyr-pley qoidalari doirasida qolishni rejalashtirgan.

Vinisiusning o‘tgan mavsumdagi ko‘rsatkichi

O‘tgan mavsumda Vinisius Junior 22 ta gol urib, 19 ta assist qayd etdi. Biroq u Mbappe bilan birga maydonda bir-birini to‘liq to‘ldira olmayapti va bu hujumdagi uyg‘unlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ekspertlar uning asosiy muammosi — qaror qabul qilishda beqarorlik va muhim vaziyatlarda noto‘g‘ri harakat qilishini ta’kidlamoqda.

Xabi Alonso rejalari va ehtimoliy transfer ta’siri

Yangi bosh murabbiy Xabi Alonso ham, agar yaxshi taklif kelsa, uning ketishiga qarshi emas. Bu holat jamoa hujumi va yarim himoyasini kuchaytirish uchun qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirish imkoniyatini yaratadi. Agar “Real” Vinini sotsa, bu rekord darajadagi mablag‘ni klubga olib kelishi va qayta qurilish jarayonini jadallashtirishi mumkin. Shu bilan birga, “Siti” Rodrigo vaziyatini ham kuzatmoqda, ammo Vinisius Premer-ligada yetakchilik va Chempionlar ligasida kurashishda muhim qo‘shilma bo‘lishi mumkin.

O‘zbek legioneri uchun yangi imkoniyat

Ta’kidlash joizki, “Manchester Siti” yil boshida Abduqodir Husanovni tarkibga qo‘shganidan so‘ng tarkibda avlodlar almashinuvini boshladi. Agar Gvardiola rejalari amalga oshib, Rodrigo yoki Vinisius transferi sodir bo‘lsa, Husanov o‘tgan yili maydonda raqib bo‘lgan braziliyalik yulduzlar bilan endi bir jamoada o‘ynash sharafiga ega bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti” Vinisius Junior uchun katta harakat boshladi