“Manchester Siti” ham yangi mavsumga kirishdi. Xosep Gvardiola yangilangan tarkib bilan Angliya Premyer-ligasi, Yevropa Chempionlar ligasi va bir qator kubok musobaqalarida bosh sovrinlarni qo‘lga kiritishga urinib ko‘radi. Angliya futbolini yoritayotgan manbalar jamoalarning mavsumga tayyorgarlik darajasini tahlil qilmoqda.
Nufozli manba — The Athletic nashri eksperti Jordan Kempbell “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik legioneri Abduqodir Husanov atrofidagi vaziyatni yoritdi.
— Abduqodir Husanov yangi pozitsiyaga o‘tkazilishi kutilyapti. O‘z vaqtida “Real” ham da’vogarlik qilgan o‘zbek futbolchisi o‘tgan mavsumda “Lans” va “Manchester Siti” tarkibida jami 21 ta uchrashuvni markaziy himoyachi sifatida o‘tkazgan. Shunga qaramay, Xosep Gvardiola Yevropa Chempionlar ligasi doirasida “Real”ga 1:3 hisobida boy berilgan Madriddagi uchrashuvda va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida “Al-Ayn” ustidan 6:0 hisobida g‘alaba qozonilgan bahsda Abduqodirni boshqa pozitsiya — o‘ng qanot himoyasida o‘ynatdi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, 2025–2026 yilgi mavsumda 45-raqam egasi ko‘proq o‘ng qanot himoyachisi sifatida maydonga tushishi mumkin. Ayniqsa, sport direktori Ugo Viana yozgi transferlar davrida o‘ng qanot himoyasiga yangi o‘yinchi olmagani Husanovning bu qanotda ko‘proq kerak bo‘lishidan dalolat beradi.
Shaxsiy fikrimga ko‘ra, jamoada asosiy o‘zgarish va yangiliklar Tijani Reynders atrofida bo‘ladi. O‘tgan mavsum jamoaga yarim himoyadagi harakatchanlik yetishmagan edi va bu qarshi hujumlar tashkil qilishdagi muammolarning asosiy sababi bo‘lgan. Shuningdek, o‘ng qanotda o‘ynay oladigan Abduqodir Husanovni ham hisobdan chiqarmaslik kerak: u juda tezkor va raqib bilan birga-bir vaziyatda juda yaxshi o‘ynaydi — bu xususiyatlar hozirgi zamonaviy Premyer-ligada juda muhim omilga aylangan. Husanov o‘ng qanot himoyasida o‘ynay olish salohiyatini ko‘rsatgan va bu pozitsiyadagi muammolarga to‘liq barham berishi mumkin.
Avval ham aytilgandek, Husanov Manchesterga kelganidan keyin qisqa vaqt o‘tib, “Real”ga qarshi o‘yinda o‘ng qanotga qo‘yildi — bu xuddi uni olovga tashlashdek edi. Shunga qaramay, toshkentlik yigit raqibning Vinisius Junior va Kilian Mbappe kabi yulduzlarini to‘xtatish vazifasini uddaladi va o‘ng qanot himoyachisi sifatida jamoaning bu pozitsiyadagi muammosini uzoq muddatga yopishi mumkinligini namoyish qildi.
Madriddagi o‘yinda Husanov uch bor to‘pni darvoza oldidan uzoqlashtirdi, bittadan blok, to‘pni olib qo‘yish, hal qiluvchi pas va driblingni muvaffaqiyatli amalga oshirdi, paslarining 93 foizi aniq chiqdi. Vinisusga qarshi personal o‘ynagan Abduqodir bosimi ostida braziliyalik yulduz birorta gol urolmadi, golli pas uzata olmadi, 12 marta to‘pni yo‘qotdi, driblinglarining yarmidan ko‘pi ish bermadi va hatto birorta aniq pas oshirolmadi ham.
O‘tgan mavsumda o‘ng qanot himoyasida Mateus Nunyes yaxshi o‘ynadi, lekin Gvardiola kam imkoniyat berganiga qaramay, Husanov ham bu pozitsiyada yuqori darajada o‘ynash uchun barcha malaka va sifatlarga ega ekanini isbotlay oldi, — deb yozdi The Athletic nashri eksperti Jordan Kempbell.
“Manchester Siti” Angliya Premyer-ligasining yangi mavsumini 16 avgust kuni, safarda o‘tkaziladigan “Vulverhempton” bilan bo‘ladigan o‘yin bilan boshlaydi. Musobaqalar zichligi, tarkibdagi rotatsiya va yangi rollar — barchasi Gvardiola loyihasidagi navbatdagi qadamlarni belgilab beradi. Muxlislar uchun asosiy intriga esa aniq: Husanov — o‘ng qanotdagi barqaror yechimmi? Yangi mavsum javobni maydonning o‘zida beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!