Angliya Premer-ligasini yirik 4:0 hisobidagi g‘alaba bilan boshlagan “Manchester Siti”dan barcha navbatdagi bosqichlarda ham kuchli o‘yin va chempionlik uchun jiddiy da’vo kutgan edi. Ammo ikkinchi turda “Etixad”da “Tottenhem”dan 0:2 hisobida taslim bo‘lishi Gvardiola qurmoqchi bo‘layotgan yangi tarkib hali mukammal shakllanmaganini yaqqol namoyish qildi.
Mashhur tahlilchilar ham bu natijani diqqat bilan o‘rganishdi. Jumladan, manchestercity.news portali mutaxassislari fikriga ko‘ra, mag‘lubiyatning asosiy sababi – Pep Gvardiolaning tarkib tanlashdagi xatosi. Xususan, ular “Tottenhem”ga qarshi bahsda o‘zbek himoyachisi Abduqodir Husanovga ishonmagani jamoaga katta salbiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlashdi.
Birinchi turda “Vulverxempton” ustidan yirik hisobda g‘alaba qozongan “Siti” o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida yana bir marotaba yuqori kayfiyatda maydonga tushgandi. Biroq “shporlar” ham mavsumni yuqori maqsadlar bilan boshlaganini ko‘rsata oldi. 35-daqiqada Brennan Jonson hisobni ochdi, bo‘lim yakunlanishiga yaqin esa darvozabon Jeyms Traffordning qo‘pol xatosidan foydalangan Joau Palinya ikkinchi to‘pni kiritdi va uchrashuv taqdirini hal qildi.
Mutaxassislar Ruben Diash va Riko Lyuisning harakatlarini alohida tanqid qilishdi. Diash tajribali bo‘lishiga qaramay, tezlikda ojiz qoldi. Lyuis esa qanotda katta qiyinchilikka duch keldi. Shu paytda ko‘pchilikning fikri – agar Abduqodir Husanovga imkoniyat berilganida, vaziyat butunlay boshqacha kechishi mumkin edi. Uning tezligi va yuqori chiziqli himoyaga mos xususiyatlari “Siti”ga qo‘l kelardi.
Yosh himoyachi avvalgi turda bor-yo‘g‘i sakkiz daqiqa maydonga tushgandi. Ammo u ham Diashdek to‘p bilan yaxshi ishlaydi, shu bilan birga, tezligi yuqori. Shu bois uning ishtirok etmasligi jiddiy savollarga sabab bo‘lmoqda.
Uchrashuvda himoya chizig‘ini baland tutish va bu ishni tezligi past markaziy himoyachilarga topshirish Xosep Gvardiola eng katta fojeasi sifatida ta’kidlab kelinadi. Agar Pep Abduqodir Husanovga imkoniyat berganida o‘zbek futbolchisi muammoning yaxshi yechimi bo‘la olardi.
Bundan tashqari, Abduqodir Husanov Riko Lyuis juda katta qiyinchiliklarga duch kelayotgan o‘ng qanot himoyachisi vazifalarini yaxshiroq uddalashi aniq.
Bu mag‘lubiyatning birgina ijobiy tomonini ko‘rish mumkin. “Siti” hali yozgi transferlar oynasi yopilmay turib, tarkibda muammo borligini bilib oldi. Gvardiola ixtiyorida yig‘ilib qolgan masalalarni yopish uchun bir hafta atrofida vaqt bor.
Ekspertlar fikricha, agar Gvardiola yosh himoyachini maydonga tushirishdan qochsa, klub bu pozitsiya uchun albatta yaqin kunlarda yangi o‘yinchi olib kelishi shart. Bundan tashqari, tarkibda yana bir necha kamchiliklar borligi qayd etildi:
- Jeyms Trafford hali yuqori bosim ostidagi katta o‘yinlarga tayyor emas. Donnarumma kabi tajribali darvozabon yechim bo‘lishi mumkin.
- Rayan Ayt-Nurining jarohati chap qanotda muammolarni keltirib chiqarmoqda.
- Abduqodir Husanov – agar murabbiylar shtabi uni o‘ng qanot himoyasida o‘ynatmaydigan bo‘lsa, Xosep Gvardiola va sport direktori Ugo Viana tezroq bu pozitsiyaga yangi o‘yinchi topishi talab etiladi.
- Hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun yangi vinger zarur. Masalan, “Real” safini tark etishi mumkin bo‘lgan Rodrigo mos kelishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, “Tottenhem”ga qarshi o‘yin “Siti” uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Agar Gvardiola Abduqodir Husanovning tezkorligi va texnikasiga qaramay, unga ishonmas ekan, jamoa himoya tuzilmasini qaytadan ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi. Mavsum boshidagi bu mag‘lubiyat katta saboq sifatida qabul qilinishi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!