date

O‘zbekiston gandbol termasi Osiyo chempionatidan chetlatildi

O‘zbekiston gandbol termasi Osiyo chempionatidan chetlatildi

O‘zbekiston sport jamoatchiligi uchun kutilmagan va noxush xabar tarqaldi. O‘zAning yozishicha, mamlakatimiz gandbol terma jamoasi nufuzli Osiyo chempionatidagi ishtirokini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hal qiluvchi bahslar start olishiga bir kun qolganda terma jamoamizning guruh bosqichida qayd etgan barcha natijalari rasman bekor qilindi.

Osiyo gandbol federatsiyasi chiqargan qarorda aytilishicha, terma jamoamiz tarkibidagi bir qator o‘yinchilarning rasmiy hujjatlarida noaniqliklar va nomutanosibliklar aniqlangan. Shu boisdan qo‘lga kiritilgan natijalar amaldan chiqarilishi haqida qaror qabul qilingan.

O‘zbekiston gandbol federatsiyasi esa ushbu holatni noodatiy va adolatsiz qaror sifatida baholab, masala yuzasidan Xalqaro gandbol federatsiyasiga rasmiy apellyatsiya xatini yo‘llagani ma’lum qilindi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur voqea nafaqat milliy jamoa, balki butun mamlakat sport hayoti uchun katta sinov bo‘ldi. Muxlislar esa federatsiyaning apellyatsiyadan qay darajada ijobiy natija olishiga katta qiziqish bilan nazar tashlamoqda.

Shu tariqa, O‘zbekiston gandbol terma jamoasi atrofidagi vaziyat chempionatning eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzularidan biriga aylandi. Xalqaro federatsiya qarori esa yaqin kunlarda aniqlik kiritishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston gandbol termasi Osiyo chempionatidan chetlatildi