Bugun futbol muxlislari uchun yana bir qiziqarli to‘qnashuv kutib turibdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi CAFA musobaqasining ikkinchi tur bahsida maydonga tushadi. Muxlislar intizorlik bilan kutgan bellashuv Toshkentdagi «Olimpiya» stadionida soat 19:30 da start oladi.
O‘zbekiston terma jamoasi dastlabki turda quvvatli raqib sanalgan O‘mon bilan kuch sinashib, keskin va ta’sirli o‘yinda 1:1 hisobidagi durangga erishgan edi. O‘yin davomida jamoa bir necha bor imkoniyat yaratdi, ammo g‘alabani ta’minlay olmadi.
Turmaniston milliy jamoasi ham o‘zining ilk bahsida Qirg‘iz Respublikasiga qarshi maydonga tushib, o‘xshash natija qayd etdi. Ular ham 1:1 hisobidagi durangga rozi bo‘ldi va shu tariqa ikkinchi turga kurashchan kayfiyatda kelmoqda.
Mazkur to‘qnashuv har ikki jamoa uchun katta ahamiyat kasb etadi. Chunki g‘alaba qozongan jamoa guruhdan chiqish yo‘lida muhim ustunlikka ega bo‘ladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi bahs har tomonlama keskin va qizg‘in kechishi aniq.
Futbol ishqibozlari esa o‘z termasiga ishonch bilan kurashchan ruh bag‘ishlashga tayyor. «Olimpiya»dagi o‘yin nafaqat maydon ichidagi, balki tribunalardagi qizg‘in muxlislar qo‘llovi bilan ham yodda qolishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!