O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovning “Lans”dan “Manchester Siti”ga amalga oshgan transferi doirasida ko‘pchilikning e’tibori jamoaning sobiq sport direktori Chiki Begiristaynga qaratildi. Chunki aynan u Xosep Gvardiolaning Angliyadagi yo‘lini boshlab bergan shaxslardan biri sifatida tilga olinmoqda.
Ispaniyalik mutaxassis 2016-yilda “Manchester Siti”ni qabul qilib olgan paytda ko‘pchilik undan Angliyada katta natijalar kutib o‘tirmagandi. Ilgari “Barselona” va “Bavariya”da katta muvaffaqiyatlarga erishgan Pep Gvardiola Angliya futboli uchun to‘g‘ri kelmasligi haqida turli qarashlar mavjud edi. Lekin Chiki Begiristaynning so‘zlariga ko‘ra, bu xavotirlar asossiz bo‘lib chiqdi.
— Shunday fikrlar bo‘lgan ediki, “Gvardiolaning uslubi Angliyada ish bermaydi, chunki bu yer Ispaniya emas, u yerda to‘qnashuvlar va kurashlar boshqacha”. Ammo Pep kelgach, Premer-ligani o‘z qo‘liga oldi va ko‘rsatgan natijalari bilan barcha shubhalarni yo‘qqa chiqardi, — dedi Begiristayn.
Haqiqatan ham, Gvardiola qo‘l ostida “shaharliklar” 18 ta katta sovrinni qo‘lga kiritdi. Ulardan oltitasi Angliya chempionligi bo‘lib, jamoa Premer-ligada ketma-ket to‘rt marta g‘olib chiqqan yagona klubga aylandi. Shu bilan birga, “Manchester Siti” tarixidagi ilk Yevropa Chempionlar ligasi sovrini ham aynan Gvardiola davrida qo‘lga kiritildi.
Ispaniyalik mutaxassis haqida ilgari “Manchester Siti” sharafini himoya qilgan, ayni paytda Saudiya Arabistonida “Al-Ahli”da o‘ynayotgan Riyod Mahrez ham o‘z fikrlarini bildirdi.
— Men Gvardiolani dunyoning eng kuchli murabbiyi deb hisoblayman. U menga yangi cho‘qqilarni ko‘rsatdi. Hatto ba’zan uning qarorlaridan xafa bo‘lgan paytlarimda ham hurmatimni yo‘qotmaganman. U taktik jihatdan benazir ustoz, — dedi aljirlik yulduz.
Gvardiolaning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil 30-iyunigacha davom etadi. Shuning uchun muxlislar hali kamida bir necha mavsum davomida uning yangi g‘alabalarini kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!