“Manchester Siti”ning gol mashinasi sanalgan Erling Xoland yaqinda klub safini tark etgan belgiyalik pleymeyker Kevin de Bryuyne haqida samimiy fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Norvegiyalik hujumchiga ko‘ra, jamoa afsonasining yo‘qligi kun sayin sezilmoqda.
– Kevin de Bryuyne “Manchester Siti”ning haqiqiy timsoli, afsonasi hisoblanadi. Biz har bir mashg‘ulot va o‘yinda uni sog‘inamiz. Jamoaga uning maydondagi o‘yini ham, liderlik fazilatlari ham yetishmayapti.
Men yaxshi anglaymanki, bir kun kelib, men ham uning yo‘lidan ketaman. Chunki futbolda abadiy qolishning iloji yo‘q. Ammo Kevinning jamoaga bergan hissasi shunchalik kattaki, uning o‘rni boshqacha tuyuladi, – dedi Erling Xoland o‘z bayonotida.
De Bryuyne “Manchester Siti” safida 2015-yildan 2025-yilga qadar o‘n yillik samarali faoliyat olib bordi. Bu muddat mobaynida u jami 422 ta rasmiy bahsda maydonga tushib, 108 gol muallifiga aylandi va 177 marotaba golli uzatma amalga oshirdi.
Belgiyalik mahoratli yarim himoyachi “Siti” tarkibida Premer-liga, Kubok va xalqaro musobaqalarda barcha asosiy sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Shu bois, uning ketishi bilan hosil bo‘lgan bo‘shliq tabiiy hol sifatida qabul qilinmoqda.
Kevin de Bryuyne erkin agent maqomiga ega bo‘lganidan so‘ng Italiyaning kuchli jamoalaridan biri – “Napoli” bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Endi u A Seriyada o‘z mahorat va tajribasini namoyish etadi.
Manchester muxlislari esa uning o‘rnini to‘ldirish oson emasligini yaxshi anglab turishibdi. Chunki afsonalar ketadi, ammo ular qoldirgan xotira va yutuqlar doim barhayot bo‘lib qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!