La Liganing 4-turidan o‘rin olgan «Real Sosedad»ga qarshi bahs (2:1) Madrid klubi g‘alabasi bilan yakunlandi. Biroq uchrashuvning eng ko‘p muhokama qilingan lahzasi «qirollik klubi» himoyachisi Din Heysenning maydondan chetlatilishi bo‘ldi.
Epizod 65-daqiqada sodir bo‘ldi: «Real Sosedad» qarshi hujumga chiqqanda Heysen so‘nggi umid foli uchun raqibni yiqitdi va hakam Xesus Xil Mansano unga to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi. Ammo bu qaror munozaralarga sabab bo‘ldi, chunki epizodga yaqin joyda yana bir madridlik himoyachi – Eder Militao ham bor edi.
«Qirollik klubi» bosh murabbiyi Xabi Alonso hakam qaroriga qattiq e’tiroz bildirdi. Uni eng ko‘p g‘azablantirgan jihat – hakamning VAR tizimini tekshirmagani bo‘ldi.
Movistar mikrofonlari orqali Alonso quyidagicha fikr bildirgani qayd etildi:
— "Xesus, men sizni haqingizda yomon gapirgim yo‘q, ammo siz o‘zingiz odamlarni shunday fikrlashga majbur qilayapsiz! Militao yaqinda ekanini ko‘rmadingizmi? Axir siz epizoddan bor-yo‘g‘i 5 metr uzoqlikda edingiz!"
Hakam esa qarorini o‘zgartirmadi va, aksincha, bahsdagi keskin chiqishi uchun Xabi Alonsoning o‘ziga sariq kartochka ko‘rsatdi.
Mazkur vaziyatdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ham muxlislar va ekspertlar orasida qizg‘in tortishuvlar boshlandi. Ayrimlar hakam qarorini to‘g‘ri deb hisoblasa, boshqalar VAR orqali vaziyat chuqurroq ko‘rib chiqilishi kerak edi, degan fikrni ilgari surishmoqda.
Shu bilan birga, «Real» baribir o‘yinni 2:1 hisobida o‘z foydasiga yakunladi va chempionatda yetakchi sifatida yo‘lini davom ettirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!