Angliya Premer-ligasining 4-turiga shahar derbisi — “Manchester Siti” va “Manchester Yunayted” to‘qnashuvi nuqta qo‘ydi. Bu mavsumdagi birinchi katta bahsga “Etihad” stadioni mezbonlik qildi.
Uchrashuv oldidan “Siti” lagerida jiddiy tashvishlar kuzatilgandi. Jamoaning 13 nafar futbolchisi turli jarohatlar bilan safdan chiqib qolgani bois, Xosep Gvardiola mashg‘ulotlarni to‘liq reja asosida olib borish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Ammo klub shifokorlari va fizioterapevtlarining harakatlari samara berdi, ko‘plab futbolchilar safga qaytdi. Ular orasida o‘zbekistonlik yosh himoyachi Abduqodir Husanovning borligi muxlislar uchun alohida xursandchilikka sabab bo‘ldi.
21 yoshli futbolchi “Brayton”ga qarshi uchrashuvda jarohat olgani sababli milliy terma jamoa yig‘inlari va uchrashuvlarini o‘tkazib yuborgandi. U to‘liq dastavval tiklanishga e’tibor qaratdi va derbida asosiy tarkibda maydonga tushdi.
Gvardiola tarkib tanlashda bor imkoniyatlardan unumli foydalanib, jamoasini yuqori ruhda derbiga tayyorladi. O‘yin to‘liq “Siti” nazoratida o‘tdi: darvozani Janluiji Donnarumma qo‘riqladi, hisobni esa yana safga qaytgan Fil Foden ochdi. Jamoa to‘purari Erling Xoland esa yana o‘zini ko‘rsatib, dubl qayd etdi.
E’tiborli jihat, avvalgi ikki mag‘lubiyatda ishonchsiz o‘ynagan o‘ng qanot himoyasi bu safar Abduqodir Husanovga topshirildi. Uning harakatlari nafaqat mutaxassislar, balki Gvardiolaning o‘zi tomonidan ham yuqori baholandi.
Ispaniyalik murabbiy uchrashuvdan keyingi bayonotida shunday dedi:
— Derbining ahamiyatini yaxshi bilaman va odamlarga g‘urur olib kelish katta sharaf. Jamoa bir tizimda harakat qildi. Erling Xoland klubga kelganidan buyon ajoyib ish qilmoqda, bu mavsum esa yanada kuchli ko‘rinadi. Fil Foden esa bizga yetishmayotgan muhim figura edi, uning qaytishi jamoa uchun katta yutuq.
Abduqodir Husanov haqida esa aytaman: u jismoniy jihatdan a’lo darajada, qanotni mustahkam yopdi, to‘pni deyarli yo‘qotmadi. Faqat ba’zi vaziyatlarda ortiqcha energiyasi tufayli qaror qabul qilishda shoshib qoldi. Shuningdek, u derbini zo‘r o‘tkazdi va “Siti”ga o‘yin tempini ushlab turishda, raqib hujumini yo‘q qilishda hamda tezkor hujumlarni boshlashda katta yordam berdi, — dedi Gvardiola.
Endi “Manchester Siti” 18-sentyabr kuni Yevropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichining ilk turida Italiya chempioni “Napoli”ni o‘z maydonida qabul qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar