Saudiya Arabistoni chempionatida o‘tgan mavsumning eng yaxshi to‘purari deb topilgan «Al Nassr» yulduzi Krishtianu Ronaldu yana bir bor yuksak sovringa ega chiqdi. Portugaliyalik hujumchi 2024/2025 yilgi mavsum uchun «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritdi.
Klub matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, «Al Nassr» sardoriga mukofotni klub afsonasi, tarixdagi eng ko‘p gol urgan futbolchi Majid Abdulla shaxsan topshirdi. Bu esa marosimga yanada o‘ziga xos ahamiyat bag‘ishladi.
E’tiborli jihati, 40 yoshli Krishtianu Ronaldu bu sovringa qatorasiga ikkinchi yil sazovor bo‘ldi. Ushbu natija nafaqat uning mahorat va professionalligidan dalolat, balki hali ham yuqori cho‘qqilarda ekanini ko‘rsatib turibdi.
O‘tgan mavsumda tajribali forvard Saudiya chempionati doirasida 30 ta uchrashuvda ishtirok etib, 25 bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi va 3 ta golli pas uzatishga muvaffaq bo‘ldi.
Krishtianu 2023-yildan buyon «Al Nassr» sharafini himoya qilib kelmoqda. Hujumchi klub bilan tuzgan shartnomasiga ko‘ra, kamida 2027-yilga qadar jamoa safida to‘p surishi kutilmoqda.
Muxlislar va futbol ekspertlari Ronalduning Saudiyadagi ishtirokini nafaqat chempionatning, balki butun mintaqaning obro‘sini ko‘tarib turgan muhim omil sifatida baholashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!