Paulo Bento Cristiano Ronaldo bilan munosabatlari nega yomonlashganini tushuntirdi

Portugaliya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Paulo Bento 2010–2014-yillardagi faoliyati davomida Cristiano Ronaldo bilan munosabatlari qanday o‘zgargani haqida gapirib berdi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jamoa ichidagi taranglik uning o‘z prinsiplaridan voz kechishni istamagani bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Bento "Antena 1" telekanaliga bergan intervyusida murabbiy sifatida o‘z qarorlarini himoya qilish muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, agar murabbiy o‘z prinsiplarini yulduz futbolchilar uchun qurbon qilsa, bu o‘z ishiga nisbatan halol bo‘lmaslikni anglatadi. "Menga qaror qabul qilish uchun pul to‘lashadi, agar boshqalar mening o‘rnimga qaror qabul qilsa, bu noto‘g‘ri bo‘ladi", - deydi Bento.
Sobiq murabbiy kiyim almashtirish xonasida iyerarxiya va tartib-intizom birinchi o‘rinda turishi kerakligini qo‘shimcha qildi. U o‘z futbolchilik faoliyati davomida hech qachon murabbiyga tarkib tanlash bo‘yicha e’tiroz bildirmaganini esladi va jamoada kim boshqaruvchi ekanligi aniq bo‘lishi shartligini ta’kidladi.
Ayni damda Cristiano Ronaldo Saudiya Arabistonining Al Nassr klubi safida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. U jamoasi bilan Saudiya Pro ligasida chempionlik uchun kurash olib bormoqda va mavsum yakunlangach, Portugaliya terma jamoasi bilan 2026-yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!