4–14-sentyabr kunlari Angliyaning Liverpul shahrida kattalar o‘rtasida boks bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etdi va muxlislar uchun quvonchli tarixiy natijalarni qayd etdi.
Eng muhim fakt shuki, terma jamoamiz dunyo birinchiligida ilk bor 6 ta oltin medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, yigitlarimiz 6 ta oltin va 1 ta kumush bilan barcha erkaklar terma jamoalari orasida birinchi o‘rinni egallab, dunyodagi eng kuchli jamoa sifatida tan olindi.
Abdumalik Xalokov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ikkinchi marta jahon chempioni maqomiga ega bo‘lishdi. Bu ularning barqaror mahorat va irodasini yana bir bor isbotladi. Shu bilan birga, erkaklar o‘rtasidagi barcha vazn toifalaridagi oltin medallar faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston sportchilariga nasib etgani diqqatga sazovor holat bo‘ldi.
Janglarda ayniqsa Abdumalik Xalokov va Akmaljon Isroilovning ko‘rsatkichlari alohida qayd etildi — ular har bir bahsda barcha raundlarni 5:0 hisobida o‘z foydalariga yozdirib qo‘yishdi. Bu holat ularning mutlaq ustunligini namoyon etdi.
Shu bilan birga, To‘rabek Habibullayev, Akmaljon Isroilov, Javohir Ummataliyev va Fazliddin Erkinboyev birinchi marta kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashishdi. Ilk urinishning o‘zidayoq ularning har biri oltin medal sohibiga aylanishi esa sport tariximizda alohida voqea sifatida yodda qoladi.
Ayollar terma jamoasi ham o‘z natijasi bilan quvontirdi. Ular jahon chempionatlaridagi eng yaxshi ko‘rsatkichini takrorlab, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lumot berishicha, bu yutuqlar mamlakat sport tarixi uchun yangi sahifa ochdi. Bokschilarimiz nafaqat rekord yaratdi, balki dunyo arenasida o‘zbek boksi nufuzini yanada yuksaltirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!