OFK Elit Chempionlar ligasi 1-turidan o‘rin olgan “Al Ahli” – “Nasaf” uchrashuvi juda keskin va ko‘p golli tarzda kechdi. Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda saudiyaliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. Bahsdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Mattias Yayssle va ikki gol muallifi Enzo Miyo matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirishdi.
Mattias Yayssle birinchi bo‘limdagi sust o‘yinni keskin tanqid qildi:
— Juda og‘ir o‘yin bo‘ldi. Ilk 45 daqiqada biz maydonda deyarli ko‘rinmadik. Hech qanday sababsiz, o‘zimiz yo‘l qo‘ygan xatolar tufayli ikki gol o‘tkazdik. Shu bois, tanaffusda futbolchilarga ikkinchi bo‘limda butunlay boshqacha o‘ynash zarurligini aytdim.
Unga ko‘ra, ikkinchi bo‘limda jamoa butunlay o‘zgarib ketdi:
— Biz ayrim kichik o‘zgarishlar kiritdik. Keyin futbolchilarning birlashib harakat qilishini ko‘rish juda yoqdi. Muxlislar bilan birgalikda stadiondagi muhitni his qildik. Shu sabab, ikkinchi bo‘limda ko‘rsatgan o‘yinimiz bilan g‘alabaga to‘liq haqli bo‘ldik, — dedi Yayssle.
Uchrashuv qahramoni Enzo Miyo ham o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
— Birinchi bo‘lim biz uchun qiyin o‘tdi. Ammo tanaffusda kiyimxonada ko‘p suhbatlashdik. Jarima maydoniga ko‘proq hujum qilish, ko‘proq yugurish va yuqori sifatli o‘ynash haqida kelishib oldik. Maydonga qaytgach, buni amalga oshirdik va g‘alaba qozondik, — dedi u.
Futbolchi raqibning qattiq himoyasi va o‘yindagi ritm yetishmasligini ilk bo‘limdagi kamchilik sifatida ko‘rsatdi:
— To‘p tezligi yuqori bo‘lishi kerak edi. Bir qanotdan ikkinchisiga tez o‘tkazish va so‘nggi chiziqni yorib o‘tish zarur bo‘ldi. Bu ikkinchi bo‘limda yaxshiroq chiqdi va natijada g‘alaba bizniki bo‘ldi, — deya qo‘shimcha qildi Enzo.
Mattias Yayssle jamoasining birinchi bo‘limda yomon o‘ynashiga nima sabab bo‘lganini quyidagicha izohladi:
— Birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynashimizga to‘sqinlik qilgan sabablar ko‘p. Biz tez o‘ynash va to‘pni bir tomondan ikkinchi tomonga o‘tkazish muhimligini bilardik, ammo buni uddalay olmadik. Bu biz uchun juda muhim saboq bo‘ldi.
Bizda yaxshi jamoa bor. O‘yinlardan tegishli xulosalar chiqarishimiz kerak. Ishonchim komilki, keyingi o‘yinlarda bundan-da yaxshiroq o‘ynaymiz.
Albatta, murabbiy sifatida doimo keng ko‘lamda fikrlashimiz lozim. Har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni xohlaymiz, bu tabiiy.
Mattias Yayssle shuningdek oldinda juda muhim o‘yinlar kutayotganini ta’kidladi:
— Bizda jarohat olgan futbolchilar bor. Shuning uchun hech kimni xavf ostiga qo‘ygim kelmadi. Keyingi haftada ikki juda muhim uchrashuv bor. Umid qilamanki, asosiy tarkib futbolchilari tezroq safga qaytib olishadi, — dedi ustoz.
Enzo Miyo esa “Al Ahli”dagi kayfiyati bilan o‘rtoqlashdi:
— Men bu klubda o‘zimni juda baxtli his qilaman. Jamoadoshlarim qo‘llab-quvvatlayapti, bu esa maydondagi harakatlarimga ijobiy ta’sir qiladi. Umid qilamanki, mavsum ham klub va muxlislar uchun omadli kechadi, — deya xulosa qildi futbolchi.
Shu tariqa, “Al Ahli” murabbiyi va o‘yin qahramonining fikrlari jamoaning qay darajada katta maqsadlar yo‘lida harakat qilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!