Bu haftadan futbol ishqibozlari intizorlik bilan kutayotgan musobaqa – Yevropa Chempionlar ligasi o‘zining yangi mavsumiga qadam qo‘ydi. Ushbu nufuzli chempionatda jami 36 ta klub ishtirok etadi va ular orasida Angliyadan bir vaqtning o‘zida 6 ta jamoaning qatnashishi tarixda ilk bor kuzatilmoqda.
Turnir rasman 16-sentyabr, seshanba kuni kechqurun boshlandi. Joriy mavsum davomida jami 189 ta bahs o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Chempionatning hal qiluvchi finali esa kelasi yilning may oyida Budapeshtdagi mashhur "Pushkash Arena" maydonida bo‘lib o‘tadi.
BBC nashrining tajribali futbol ekspertlari Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan jamoalar imkoniyatlariga alohida baho berishdi. Deyarli barcha tahlilchilarning fikriga ko‘ra, bu yilgi musobaqada “Liverpul”ning chempionlikka erishish ehtimoli juda yuqori.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mersisaydliklarning yozda amalga oshirgan transferlari – xususan Florian Virs, Aleksander Isak va boshqa yuqori darajadagi futbolchilar jamoaga katta kuch bag‘ishladi. Ular klubning yangi mavsumga butunlay chempionlik uchun tayyorlanganini qayd etmoqdalar.
Eslatib o‘tish joiz, o‘tgan mavsumda ham “qizillar” guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng ko‘plab jurnalistlar va ekspertlar ularga yuqori baho berishgandi. Biroq “Enfild”da parijlik raqibga qarshi kechgan bahsdagi mag‘lubiyat intizom va umidlarni yo‘qqa chiqargan edi.
Endilikda esa, yangi mavsumning ilk kunlaridanoq “Liverpul”dan muxlislar katta natijalar kutishmoqda. Ushbu chempionatda butun Yevropaning eng kuchli jamoalari maydonga tushishi hisobga olinsa, turnir futbol olamining asosiy diqqat markaziga aylanishi tabiiy hol.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!