Yevropa Chempionlar ligasi — qit’aning eng nufuzli va eng qiziqarli musobaqasi hisoblanadi. Bu turnirda Yevropaning eng qudratli klublari bir-biri bilan yuzma-yuz kelishadi, sovrinlar uchun kurash olib borishadi. Har bir futbolchi uchun esa bu musobaqada maydonga tushish, o‘z mahorat va iqtidorini namoyish qilish, g‘alabalar qozonish va kubok ko‘tarish orzu qilinadigan marra hisoblanadi.
O‘zbekiston futbolchilari orasida hozircha aynan Abduqodir Husanovda muntazam ravishda Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etish imkoniyati mavjud. Shu bois ham yurtimizdagi futbol ixlosmandlari uning har bir uchrashuvini katta qiziqish bilan kuzatib borishmoqda.
Yangi mavsumdagi ilk uchrashuvdayoq Abduqodir Husanov jamoaning asosiy figuralaridan biri sifatida maydonga tushdi va o‘zining qanchalik ishonchli himoyachi ekanini ko‘rsatib berdi.
Abduqodirning yo‘li uzoqqa cho‘zilmadi. U professional faoliyatini 2022-yilda Belarusning “Energetik-BGU” klubida boshladi va qisqa vaqt ichida Yevropaning yetakchi klublari diqqatini tortdi. Bir yil o‘tmasdan Fransiyaning “Lans” klubiga yo‘l oldi va o‘sha yerda Yevropa Chempionlar ligasidagi debyutini nishonladi.
2023-yil 29 noyabr kuni “Lans”ning “Arsenal”ga qarshi o‘yinida Husanov 28 daqiqa to‘p tepdi, ammo jamoa 0:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Debyut g‘alaba bilan boshlanmagan bo‘lsa-da, bu o‘yin yosh himoyachi uchun katta tajriba bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, 12 dekabr kuni “Lans” “Sevilya”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi va Husanov zaxiradan maydonga kirdi.
2025-yil boshida esa Husanovning hayoti tubdan o‘zgardi. U dunyoning eng kuchli klublaridan biri — “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tdi. Yanvardagi transferdan bir oy o‘tgach, u Chempionlar ligasi pley-offida “Real Madrid”ga qarshi bellashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi. “Santyago Bernabeu”da o‘tgan ushbu uchrashuvda “shaharliklar” 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Biroq o‘zbekistonlik himoyachi Vinisius Junior kabi yulduzga imkoniyat bermagani uchun keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Bu o‘yindan so‘ng Xosep Gvardiola Abduqodirni nafaqat markaziy himoyada, balki zarurat tug‘ilganda o‘ng qanotda ham ishlatishi mumkinligini anglab yetdi. Husanov o‘z universalligi bilan jamoaga katta yordam bermoqda.
Mavsum boshida Mateush Nunesh va Riko Lyuis yo‘l qo‘ygan xatolardan keyin Gvardiola Manchester derbisida o‘ng qanot himoyasini Husanovga topshirdi. U esa juda ishonchli o‘ynab, “Manchester Yunayted”ga qarshi bahsda birorta xatoga yo‘l qo‘ymadi va jamoa darvozasi daxlsizligini ta’minlashga hissa qo‘shdi.
Shundan so‘ng u Chempionlar ligasining birinchi turida “Napoli”ga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushdi. Bu o‘yinda ham u o‘z ishonchini oqlab, nafaqat himoyada, balki hujum tashkil qilishda ham faol ishtirok etdi.
Shu tariqa, Abduqodir Husanov Yevropa Chempionlar ligasida to‘rtinchi marta maydonga tushdi va bu gal birinchi bor jamoaning asosiy ustunlaridan biri sifatida g‘alabaga hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston va butun dunyodagi muxlislar hozir Abduqodirning keyingi o‘yinlarda ham muntazam asosiy tarkibda o‘ynashi va “Manchester Siti”ning muhim g‘alabalariga hissa qo‘shishini orziqib kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!