"Manchester Siti"ning asosiy hujumchisi, Norvegiya terma jamoasi yulduzi Erling Xoland yangi mavsumni ham gollar bilan boshladi. Biroq bu galgi statistika o‘tgan yillarga nisbatan ancha "yomon" ko‘rinishi mumkin.
APLning joriy mavsumidagi dastlabki to‘rtta turda Xoland raqib darvozalarini besh marta ishg‘ol qildi. Qo‘polroq qilib aytganda, bunday ko‘rsatkich ko‘pchilik uchun orzu bo‘lishi mumkin, ammo Xoland kabi sermahsul hujumchi uchun bu eng yomon start hisoblanmoqda.
2022/2023-yilgi debyut mavsumida u to‘rtta turda oltita gol urgan bo‘lsa, keyingi yili — 2023/2024 mavsumida yana oltita to‘p bilan yorqin boshlagandi. O‘tgan, 2024/2025-yilgi mavsum esa umuman rekord ko‘rsatkich bilan boshlangan — atigi to‘rt o‘yinda to‘qqizta gol.
Shu bois, joriy yilgi beshta gol — uning Angliyadagi faoliyatidagi eng past ko‘rsatkichlardan biri sifatida qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, umumiy raqamlar Xolandning hali ham dunyo futbolidagi eng xavfli hujumchilardan biri ekanini ko‘rsatmoqda. U mavsumning boshidan beri barcha musobaqalarda to‘qqizta o‘yinda maydonga tushib, to‘qqizta gol va bitta assist qayd etdi.
Futbolchi klub bilan 2034-yilning yozigacha mo‘ljallangan shartnoma asosida harakat qilmoqda. "Transfermarkt"ning baholashicha, uning bozor qiymati 180 million yevroga yetgan — bu esa Xolandning hali uzoq yillar davomida transfer bozorida eng qimmatbaho futbolchilardan biri bo‘lib qolishini anglatadi.
Muxlislar esa sevimli yulduzidan yana oldingi mavsumlardagi kabi yorqin statistikani kutishmoqda. Chunki Xoland uchun beshta gol — faqatgina boshlanish, uning asosiy janglari hali oldinda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!