Sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi, zamonaviy futbol afsonasi Lionel Messi yaqinda faoliyatini yakunlaydi, degan xabarlar muxlislarni bir muncha bezovta qilgan edi. Biroq mazkur ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Argentinalik yulduz kelajagi bo‘yicha aniq qarorga kelib, yana maydonda qolishga bel bog‘ladi.
Jurnalist Nacho Garsiyaning xabariga ko‘ra, 38 yoshli hujumchi «Inter Mayami» rahbariyati bilan yangi shartnoma yuzasidan kelishuvga erishgan. Yangilangan bitimga ko‘ra, Messi jamoa bilan kamida ikki yilga imzo chekishi kutilmoqda. Shu bilan birga, shartnoma shartlarida futbolchi istagiga ko‘ra yana bir yil qolish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Bu esa uning o‘sha paytdagi jismoniy holati va umumiy sport formasiga bog‘liq bo‘ladi.
Eng qiziq jihati shundaki, shartnoma faqatgina futbolchilik faoliyati bilan cheklanmaydi. Agar Lionel Messi butsalarini mixga ilishga qaror qilsa, «Inter Mayami»da o‘z ulushiga ega bo‘lib, klubning hammuassislaridan biri sifatida ishini davom ettirishi rejalashtirilgan. Mutaxassislar bu qadam «Inter Mayami»ning AQSH futbolidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Messi «Inter Mayami» safini 2023-yilda to‘ldirgan edi. Uning amaldagi shartnomasi 2025-yil 31-dekabrigacha mo‘ljallangan. Ammo yangi kelishuv orqali klub va yulduz o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi.
Joriy mavsumning o‘zida Messi MLSda yuqori samaradorlik ko‘rsatib, 22 ta o‘yinda 22 ta gol urish va 10 marta jamoadoshlariga assist berishga erishdi. Bu ko‘rsatkichlar argentinalik mahoratpesha hali ham yuqori sport formasida ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Messi nafaqat «Inter Mayami», balki butun MLSning marketing salohiyati va nufuzini yanada ko‘tarishda hal qiluvchi shaxsga aylanishi mumkin. Uning nomi va obro‘si orqali ligaga katta sarmoyalar, yangi futbolchilar va minglab muxlislar jalb etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!