Angliya Premer-ligasi doirasidagi «Arsenal» – «Manchester Siti» uchrashuvi ortidan Pep Gvardiolaning taktikasi atrofida katta bahs-munozaralar avj oldi. «Emireyts»dagi to‘qnashuvda manchesterliklar to‘pga egalik qilishda atigi 33 foiz ko‘rsatkich qayd etdi. Bu esa ispaniyalik mutaxassisning milliy chempionatlardagi butun faoliyati davomida eng past natija sifatida qayd etildi.
Futbol jamoatchiligi va ayrim mutaxassislar Pepning uslubini qattiq tanqid qilishdi va uni Joze Mourino uslubi bilan taqqoslashdi. Ammo Gvardiolaning bu gaplardan joni chiqqandek bo‘ldi.
«APLda chempion bo‘lganimizda ham bizga “zerikarli futbol ko‘rsatadigan jamoa” degan tamg‘a qo‘ygansizlar. Endi esa o‘yin uslubimizni keskin o‘zgartirgandek tasvirlayapsizlar. Balki kelajakda futbolchilarim aytar – mening bu mavsumda qanchalik o‘zgarganimni. Chunki ular har bir mashg‘ulotda, har bir yig‘ilishda ishtirok etishadi. Ulardan so‘rashingiz mumkin.
Mening fikrimcha, hech narsa o‘zgarmagan. “Napoli”ga qarshi boshqacha o‘ynadikmi? Yo‘q. Keyingi uch kunda taktikani tubdan o‘zgartirdikmi? Jin ursin, agar uch kunda barcha narsani almashtira olgan bo‘lsam, demak men haqiqatan dunyoning eng zo‘r murabbiyiman», — dedi Gvardiola.
Ispaniyalik ustozning bu izohlari uning tanqidlarga qanchalik jiddiy munosabatda ekanini ko‘rsatib turibdi. Biroq u o‘z jamoasiga ishonchi komilligini, “Siti” hali oldinda katta maqsadlarga erishishi mumkinligini ham ta’kidlab o‘tdi.
Shu tariqa, Pep Gvardiolaning tanqidlarga javoblari nafaqat “Manchester Siti” muxlislarini, balki butun futbol jamoatchiligini qiziqtirdi. Bahsdan keyingi muhokamalar esa klubning kelgusi o‘yinlarida qanday taktik yo‘l tutishi haqida yanada ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!