date

Inigo Martines Ronaldu bilan bir jamoada o‘ynashdan mamnunligini aytdi

Inigo Martines Ronaldu bilan bir jamoada o‘ynashdan mamnunligini aytdi

Saudiya Arabistonining mashhur klubi "An-Nasr" himoyachisi Inigo Martines jamoa sardori va dunyo futboli yulduzi Krishtianu Ronaldu haqida samimiy fikrlarini bayon qildi. Ispaniyalik tajribali futbolchi o‘tgan yozda Ar-Riyod jamoasi safini to‘ldirgandi. Ungacha Martines "Barselona" tarkibida to‘p surib kelgan edi.

"Ronaldu — g‘alabaga chanqoq, o‘ta raqobatbardosh futbolchi. Uning barcha harakatlari faqat yutish va natija haqida. Shunday ulkan shaxs bilan bir jamoada maydonga tushish men uchun yoqimli va sharafli. "An-Nasr"dan taklif kelganda, men uchun asosiy qiziqishlardan biri aynan Krishtianu bilan birga o‘ynash imkoniyati edi. Uning faolligi, jamoadoshlarga yordam berishga hamisha tayyorligi meni ilk kundanoq hayratga soldi", — deya Martinesning so‘zlarini keltiradi Marca nashri.

Inigo Martines ta’kidlaganidek, Krishtianu Ronaldu nafaqat jamoa yetakchisi sifatida, balki ruhiy jihatdan ham barcha futbolchilarga kuch bag‘ishlaydi. Uning jismoniy tayyorgarligi, intizomi va maydondagi o‘ziga xos harakatlari yosh futbolchilar uchun katta namuna sifatida ko‘rsatilmoqda.

E’tiborlisi, "An-Nasr" joriy mavsumda Saudiya chempionatida o‘tkazgan to‘rtta o‘yinning barchasida g‘alabani qo‘lga kiritdi. Jamoa kuchli start orqali muxlislar oldida yuqori ishonch uyg‘otdi va turnirda yetakchi klublardan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamladi.

Inigo Martinesning ta’kidlashicha, Ronalduning jamoadagi mavjudligi nafaqat maydonda, balki kiyinish xonasida ham ijobiy ruh va yuksak motivatsiya olib kirmoqda. Bu esa "An-Nasr"ning navbatdagi o‘yinlarda ham muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlovchi omillardan biri hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Inigo Martines Ronaldu bilan bir jamoada o‘ynashdan mamnunligini aytdi