Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi mashhur “Inter Mayami” klubi oxirgi oylarda jamoa yulduzi va dunyo futboli ramziga aylangan Lionel Messi bilan tugayotgan shartnomani yangilash borasida faol muzokaralar olib bordi. Nihoyat, jamoa va futbolchi tomonidan bir necha haftalar davom etgan suhbatlar samara berdi va ikki taraf barcha masalalarda to‘liq kelishuvga erishdi.
Taniqli jurnalistlar Nikolo Skira hamda Xavi Kamposning xabar berishicha, yangi bitim shartlari bo‘yicha hamkorlik 2028-yilning 31-dekabriga qadar amal qiladi. Shu bilan birga, kelishuvning o‘ziga xos jihati ham bor — Messi 2026-yilning oxirida shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, “Inter Mayami” klubi ham 2027-yil dekabrida hamkorlikni yakunlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi shartnoma rasmiy ravishda imzolanishi yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan maxsus marosimda e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu nafaqat klub, balki Amerika futboli tarixida ham katta voqea sifatida baholanmoqda.
Ma’lumki, Lionel Messi 2023-yil yozidan buyon “Inter Mayami” sharafini himoya qilib kelmoqda. Argentinalik yulduz oradan ikki yilcha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, klubda allaqachon rekordlar o‘rnatdi — 69 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, jami 58 ta gol urishga va 28 ta golli uzatma berishga muvaffaq bo‘ldi.
Messi o‘z mahoratlari bilan nafaqat jamoa, balki butun MLS chempionatining nufuzini oshirib, turli mamlakatlardan yuz minglab muxlislarni o‘yinlarga jalb etmoqda. Kelasi yillarda shartnoma uzaytirilishi orqali yulduz futbolchi Amerika futbolidagi nufuzini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Shu tariqa, “Inter Mayami” va Messi o‘rtasidagi hamkorlik yana kamida uch yilga uzaytirildi. Bu esa jamoaga katta sport va marketing yutuqlarini olib kelishiga ishonch bildirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!