date

Mitchell ChatGPT yordamida ish topdi: u «Leyton Oriyent»ga agentsiz bordi

Mitchell ChatGPT yordamida ish topdi: u «Leyton Oriyent»ga agentsiz bordi

Angliya futbolida kam uchraydigan hodisa ro‘y berdi: “Manchester Yunayted” akademiyasi tarbiyalanuvchisi Demetri Mitchell yangi jamoasini sun’iy intellekt — mashhur ChatGPT orqali topdi.

28 yoshli manchesterlik yarim himoyachi jurnalistlarga bergan intervyusida shunday dedi: “ChatGPT — eng yaxshi agent ekan, chunki komissiya talab qilmaydi. Faqat jamoa topib beribgina qolmay, Londonda yashash xarajatlarini, klub darajasidan kelib chiqib qanday maosh so‘rash kerakligini ham hisoblab chiqdi”.

Natijada Mitchell Angliyaning quyi professional ligalaridan biri — League One ishtirokchisi “Leyton Oriyent” bilan shartnoma imzoladi. Bu klub o‘zbekistonlik ishqibozlarga begona emas: o‘tgan mavsum Angliya Kubogi doirasida “Manchester Siti”ga qarshi bahsda Abduqodir Husanov Londondagi uchrashuvda maydonga tushib, aynan shu jamoa darvozasiga gol urgandi va Angliya futbol tarixida gol urgan ilk o‘zbek futbolchisi sifatida tilga kirgandi.

Demetri Mitchell manchesterlik bo‘lgani uchun “Yunayted” akademiyasida o‘sgan, bir necha yosh toifalarida o‘ynagan, ammo asosiy tarkibga mustahkam joy ololmagan. U Shotlandiyaning “Xart of Midlotian” jamoasida ikki bor ijarada to‘p tepdi, keyin “Xaybernian”, Angliyada “Blekpul” va “Ekseter” safida harakat qildi. O‘tgan mavsum oxirida “Ekseter” bilan bitimi tugagach, erkin agentga aylandi.

Sun’iy intellekt orqali topilgan yangi manzil — “Leyton Oriyent” bilan kelishuv 2027-yil 30-iyunigacha mo‘ljallangan. Mitchell allaqachon jamoada muntazam o‘yin amaliyotiga ega: barcha musobaqalarda 11 ta uchrashuvda ishtirok etdi.

Qizig‘i, “Yunayted” maktabini tamomlagan Mitchell yoshligidan iqtidorli avlod vakili sifatida qayd etilgan — u Angliya U-20 terma jamoasida ham to‘rt bor maydonga tushgan. Shunga qaramay, universal pozitsiyalarda o‘ynay oladigan futbolchi mutlaq yuqori saviyada o‘zini namoyon eta olmadi va omadini quyi liga klublarida sinayotir.

Biroq bu safar hikoyaning bosh qahramoni — sun’iy intellekt. Mitchell misoli ko‘rsatmoqda: zamonaviy futbol bozorida sun’iy intellekt vositalari agentlar o‘rnini bosmaydi, ammo to‘g‘ri yo‘nalish tanlash, bozorni baholash va muzokaralarga tayyorgarlikda chinakam “qo‘llanma”ga aylanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mitchell ChatGPT yordamida ish topdi: u «Leyton Oriyent»ga agentsiz bordi