Angliya termasi Uelsga qarshi o‘rtoqlik bahsida 3:0 hisobida ishonchli g‘alaba qayd etar ekan, «Everton» posboni Jordan Pikford yana bir tarixiy marrani zabt etdi. 31 yoshli darvoza qo‘riqchisi ketma-ket sakkizta o‘yinda darvozasini sof saqlab, Angliya termasi tarixida bunday natijaga erishgan ilk kiperga aylandi.
Pikfordning «quruq» seriyasi bir yildan buyon uzilmagan: u milliy jamoa safida oxirgi marta 2024-yil 10 oktyabr kuni Gretsiyaga qarshi bahsda (1:2) to‘p o‘tkazgan edi. Shundan beri har bir chaqiriqda u ishonch, sobitqadamlik va tayyorgarlik darajasi bilan ajralib, himoya chizig‘iga osoyishtalik baxsh etmoqda.
Bu rekord Jordanning nafaqat reaksiyasi va pozitsion tanlovi, balki o‘yinni boshlashdagi aniq uzatmalari, jarima maydonidagi yetakchilik fazilati bilan ta’minlanganini ko‘rsatadi. Uning baland imkoniyatlari Angliya himoyasining barqarorligiga qo‘shimcha kuch bo‘ldi, hujumchilar esa erkin harakat qilishga imkon topdi.
Ma’lumki, Pikford Angliya bilan ikki bor Yevro finaligacha yetib borgan, 2018 yilgi jahon chempionatida esa yarimfinal bosqichini ko‘rgan. Endi esa rekord darajadagi «nol»lar seriyasi uning milliy jamoadagi merosida yana bir yorqin sahifa bo‘lib qolmoqda.
Qisqasi, Uels ustidan katta hisobdagi g‘alaba — natija, Pikfordning «darvozani qulflagan» o‘yini — ishonch. Oldindagi sinovlarda ham ushbu ruh va barqarorlikni saqlab qolish eng muhim vazifa bo‘lib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!