
«Barselona»ning 18 yoshli iste’dodli futbolchisi Lamin Yamal uchun bu yilgi “El-Klasiko” oson kechmadi. Kataloniya jamoasining asosiy vingeri hisoblangan yosh futbolchi “Real” darvozasiga yo‘l topa olmadi va o‘yindan keyingi baholash tizimida uchrashuvning eng past natijalaridan birini qayd etdi. Bu holat Yamalning kayfiyatiga ham ta’sir qilgan ko‘rinadi.
O‘yindan so‘ng u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida jiddiy o‘zgarish kiritdi — o‘z profilidagi avatarini olib tashlab, qora fon bilan almashtirdi. Bu harakat muxlislar orasida turli talqinlarga sabab bo‘ldi: ayrimlar bunday qadamni emotsional reaksiya, boshqalar esa ichki bosim yoki tanqidlarga nisbatan javob sifatida baholamoqda.
Shuningdek, “El-Klasiko”dagi keskin muhit yosh futbolchi va “Real” himoyachisi Dani Karvaxal o‘rtasida ham tortishuv keltirib chiqargandi. Uchrashuvdan keyin ma’lum bo‘lishicha, ular ijtimoiy tarmoqda bir-birlarini “do‘stlar” ro‘yxatidan chiqarib tashlashgan. Bu esa ikki jamoa o‘rtasidagi an’anaviy raqobatning qanchalik kuchayganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Yamalning bu harakati ayni damda futboldagi yosh avlodning ruhiy bosimni qanday qabul qilayotganini ham ko‘rsatib bermoqda. Undan yutuqlar va jiddiy natijalar kutayotgan muxlislar orasida bosim kuchli. Ammo yosh futbolchi hali katta yo‘lning boshida va “Barselona”dagi uning rivojlanishi uchun yetarlicha vaqt bor.
“Barselona” murabbiylar shtabi Yamalni himoya qilib, unga ishonch bildirishda davom etmoqda. Uning tezlik, texnika va driblingdagi mahorati jamoa uchun kelgusida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishiga ishonishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.