
"Barselona"ning yosh iqtidori Lamin Yamalning so‘nggi "El Klasiko"dagi pasaygan o‘yini futbol jamoatchiligida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Muxlislar uning nega o‘zini odatdagidek ko‘rsata olmaganiga qiziqish bildirishar ekan, bu savolga javobni sport shifokori Pedro Ruis Ripol berdi.
Taniqli mutaxassis “El Larguero” nashriga bergan intervyusida Yamalning “Real”ga qarshi o‘yindagi zaif harakatlari chov jarohati bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yosh futbolchi so‘nggi haftalarda og‘riq bilan o‘ynab kelgan va bu holat uning harakat faolligi hamda zarba kuchiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
“Bu turdagi jarohatni davolash oson emas. Agar u to‘g‘ri parvarishlanmasa, to‘liq tiklanish uchun bir necha oy talab etiladi. Bu jarohat o‘yinchining harakatlanish imkoniyatini taxminan yarmiga qisqartiradi. Biz buni “El Klasiko”da yaqqol ko‘rdik — Yamal maydonda harakatni cheklangan tarzda amalga oshirdi, zarba berishda qiynaldi”, — dedi Ripol.
Shifokorning ta’kidlashicha, bu turdagi jarohat futbolchiga maydonga tushishga imkon bersa-da, u o‘zining eng yaxshi natijasini ko‘rsata olmaydi. “Bu og‘riq futbolchiga o‘yinlarda ishtirok etishga imkon beradi, ammo uning samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi. Biz buni Yamalning o‘yinida yaqqol ko‘rdik”, — deb qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan "El Klasiko"da “Barselona” mehmonda “Real Madrid”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘yin davomida Yamal kutilgan darajada faol bo‘la olmadi va bir necha sport nashrlari tomonidan past baholar oldi.
Yamal mavsum boshidan beri “Barselona” safida eng yosh va istiqbolli o‘yinchilardan biri sifatida ko‘zga tashlangan edi. Uning chap qanotdagi tezligi va texnikasi muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilardi. Ammo "El Klasiko"dagi pasayish ko‘pchilikni hayratga soldi.
Pedro Ripolning so‘zlariga ko‘ra, bu muvaqqat holat bo‘lib, yosh futbolchida jiddiy jarohat belgilari kuzatilmagan. “Yamal to‘liq tiklanishi uchun tanaffus zarur. Uning yoshi katta afzallik, organizm tez tiklanadi”, — dedi shifokor.
Murrabbiylar shtabi esa Yamalning holatini yaqin kunlarda qayta baholashini ma’lum qildi. Agar barcha jarayon rejaga muvofiq kechsa, futbolchi dekabr oyida to‘liq formaga qaytishi mumkin.
Muxlislar esa hozircha yosh iqtidorning sog‘ligi uchun xavotirda, chunki Yamal “Barselona” kelajagining muhim qismi sifatida ko‘rilmoqda. Uning sog‘lom holatdagi o‘yini jamoa hujumining asosiy ustuni hisoblanadi.
Shunday qilib, “El Klasiko”dagi pasayish sababi aniq bo‘ldi — bu charchoq yoki psixologik bosim emas, balki voqean ham jarohat bilan bog‘liq holat ekani ma’lum bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!