
Argentina terma jamoasi sardori va “Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi Saudiya Arabistonida o‘ynashni xohlagan, biroq uning bu rejasi amalga oshmay qolgan. Bu haqda Saudiyadagi Mahd iste’dodlarni rivojlantirish akademiyasining bosh menejeri Abdulla Hammad Thmanya nashriga bergan podkastida ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 38 yoshli jahon chempioni 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Saudiya Arabistoni klublaridan biriga vaqtinchalik borishni istagan. Messi bu rejani Amerika MLS ligasidagi mavsumlar orasidagi to‘rt oylik tanaffus vaqtida amalga oshirishni rejalashtirgan.
“Messining jamoasi o‘tgan yozda men bilan bog‘landi. Ular uning Saudiya Arabistonida to‘rt oy o‘ynashini xohlashdi. Bu qarorning asosiy maqsadi — uni 2026 yilgi jahon chempionati uchun ideal holatda saqlash edi”, — dedi Hammad.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu g‘oya yangi emas — o‘tmishda Devid Bekxem ham shunday yo‘l tutgan edi. “Bekxem ham o‘z vaqtida ‘Los-Anjeles Geleksi’da o‘ynab, keyin ‘Milan’ga to‘rt oylik shartnoma asosida o‘tgandi. Biz Messi uchun ham shunday variantni muhokama qildik. Ammo men bu taklifni vazirga yetkazganimda, u rad javob berdi”, — deb ta’kidladi Hammad.
Rasmiylar fikricha, Saudiya Arabistoni chempionati tajriba yoki vaqtinchalik mashg‘ulot maydoniga aylanmasligi kerak. Hammad so‘zlariga ko‘ra, vazir bu qaror orqali mamlakat chempionatining nufuzini va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini himoya qilgan.
“Vazir ochiq aytdi: Saudiya chempionati faqat marketing uchun yoki mashq maydoni bo‘lishi mumkin emas. Bu musobaqa butun dunyodan iqtidorli futbolchilarni jalb etish va yuqori saviyali ligaga aylanish maqsadida qurilmoqda. Shu sababli, Messining atigi to‘rt oyga kelish taklifi qabul qilinmadi”, — dedi Hammad.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi yaqinda “Inter Mayami” bilan shartnomasini 2028-yilgacha uzaytirdi. U Amerika ligasida (MLS) faoliyatini davom ettirmoqda va hozirgi kunda klubning eng muhim figuralaridan biri hisoblanadi.
Saudiya Arabistoni oxirgi yillarda futbol sohasini jadal rivojlantirmoqda — Ronaldu, Benzema, Kante kabi yulduzlar mahalliy klublarga qo‘shilgan. Ammo mamlakat rasmiylari shu bilan birga, chempionatning maqsadini sportiy rivojlanish sifatida saqlab qolish niyatida ekanini qayta-qayta ta’kidlab kelishmoqda.
Shunday qilib, Messining Saudiyada qisqa muddat o‘ynash orzusi amalga oshmadi. Ammo bu holat futbol dunyosida yana bir bor Saudiya chempionatining o‘z pozitsiyasini mustahkamlayotganini va uning imidji endi vaqtinchalik sahna emas, balki uzoq muddatli sport platformasi sifatida shakllanayotganini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 