
Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov ishlari Turkiya futbolida yangi mojaroni ochdi. Bukmekerlik faoliyati bilan noqonuniy aloqada bo‘lganlikda gumon qilingan 21 nafar shaxsga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ulardan 18 nafari sud qarori bilan hibsga olindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qamalganlar orasida mamlakat Superligasida faoliyat yurituvchi bir klub prezidenti ham bor.
Anadolu agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, tergov jarayoni bir necha oy davom etgan va natijada katta miqdordagi noqonuniy bukmekerlik faoliyati fosh qilingan. Tergovchilar ushbu to‘daning ayrim a’zolari orqali musobaqa natijalarini manipulyatsiya qilish ehtimolini ham o‘rganmoqda.
Bu voqeadan avval Turkiya futbol federatsiyasi keskin chora ko‘rgan edi. Federatsiya intizom qo‘mitasi 149 nafar professional hakamni bukmekerlik bilan bog‘liq ayblovlar tufayli 8 oydan 1-yilgacha bo‘lgan muddatda musobaqalardan chetlatganini e’lon qilgan.
Federatsiya rahbari Ibrohim Hajjiosmanog‘lu bu holatni “turk futbolidagi axloqiy inqiroz” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda o‘tkazilgan ichki tekshiruvlar davomida 42 nafar hakamning 1000 dan ortiq o‘yinga pul tikib kelgani aniqlangan. Ulardan biri esa yakka o‘zi 18 000 martadan ziyod stavka qilgan.
“Bizga futbolni poklash kerak. Bu faqat natija emas, balki ishonch, qadriyat va odob masalasidir. Har qanday bo‘lmasin, kimning kimligidan qat’i nazar, qonun oldida javob berishi shart”, — degan Hajjiosmanog‘lu matbuot anjumanida.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu mojaro faqat hakamlar yoki klublar darajasida emas, balki butun tizim ichidagi illatlar yuzasidan jiddiy signaldir. Ayrim sport tahlilchilari bu ish Turkiya futboli tarixidagi eng yirik bukmekerlik janjallaridan biri bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.
Hozirda prokuratura ayblanuvchilarning moliyaviy operatsiyalari va telefon muloqotlarini tahlil qilmoqda. Shu bilan birga, Turkiya ichki ishlar vazirligi tergov doirasini kengaytirib, ayrim hakamlar va agentlar faoliyatini ham tekshirishga qaror qilgan.
Turk jamoatchiligida bu voqea katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Futbol muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda tizimni tozalashni va shaffoflikni ta’minlashni talab etmoqda. Bu holat, ko‘pchilik fikricha, nafaqat sport maydonida, balki butun futbol sohasida islohot zaruratini yana bir bor ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!