
APLning 11-turida “Arsenal” mehmon sifatida “Sanderlend” bilan durang o‘ynadi — 2:2. Ushbu bahsdan so‘ng londonliklarning bosh murabbiyi Mikel Arteta matbuot anjumanida jamoasi harakatlari haqida fikr bildirdi. Ispaniyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu bellashuv jamoa uchun haqiqiy sinov bo‘lgan va ular bu vaziyatga tayyor edilar.
Arteta o‘yin haqida so‘zlar ekan, raqibning jismoniy jihatdan juda faol harakat qilganini ta’kidladi:
— Bu o‘yin haqiqiy sinov bo‘ldi. Biz bunga tayyor edik, ammo “Sanderlend” shunday uslubda o‘ynaydiki, har daqiqada raqibni bosim ostida ushlab turadi. Achinarlisi, uchrashuv oxirida gol o‘tkazib yubordik. Qo‘shimcha berilgan daqiqalarning ko‘pligi ham bahs qanchalik keskin kechganini ko‘rsatib turibdi, — dedi murabbiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bo‘limda jamoa o‘z o‘yinini topa olmagan va tanaffusda futbolchilar bilan suhbat davomida bir necha muhim jihatlarga e’tibor qaratilgan:
— Tanaffusda yigitlarga shunchaki emas, yaxshiroq harakat qilishimiz kerakligini aytdim. Raqibning o‘yin uslubi bizga ma’lum edi va bunga tayyorgarlik ko‘rgandik. Biroq ba’zan mashg‘ulotda ishlab chiqilgan narsani o‘yin paytida to‘liq amalga oshirish qiyin bo‘ladi, — deya tan oldi Arteta.
Murabbiy ayniqsa, raqibning hujumdagi samaradorligini ham tan oldi:
— Ikkala gol ham deyarli bir xil vaziyatlardan urildi — uzun pas, bosh bilan yo‘naltirish va tezkor harakat. “Sanderlend” bu uslubni yaxshi o‘zlashtirgan jamoa. Shu bois ular turnir jadvalida shunday yuqori o‘rinni egallab turibdi, — dedi u.
Arteta shuningdek, APLdagi raqobat darajasi juda yuqori ekanini ham qayd etdi:
— Har hafta deyarli bir xil manzara — jamoalar o‘rtasidagi farq katta emas. Bu chempionatning jozibasi shunda. Hozir milliy jamoalar o‘yinlari sababli tanaffus boshlandi, biz esa bu vaqtni tahlil va tiklanish uchun foydalanamiz, — dedi mutaxassis.
Shu bilan birga, Arteta jamoaning goldan keyingi reaksiyasidan mamnunligini bildirib o‘tdi:
— Birinchi bo‘lib gol o‘tkazdik, ammo shundan so‘ng yigitlar kuch topib, hisobni tenglashtirishdi va keyin oldinga chiqishdi. Bu bizdagi ruhiy barqarorlikni ko‘rsatdi. Albatta, oxirida gol o‘tkazib yuborganimiz alamli, lekin APLda shunday o‘yinlar ko‘p bo‘ladi. Bu musobaqaning o‘ziga xos tabiati, — deya so‘zini yakunladi “Arsenal” ustozi.
Londonliklar ushbu durangdan so‘ng chempionlik poygasidagi mavqeini saqlab qolish uchun keyingi turlarda faqat g‘alabalar haqida o‘ylamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!