date

Gvardiola: “Liverpul”ga qarshi o‘yin — haqiqiy sinov bo‘ladi

Gvardiola: “Liverpul”ga qarshi o‘yin — haqiqiy sinov bo‘ladi

APLning navbatdagi markaziy bahsi oldidan “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoasining ruhiyati va kutilgan to‘qnashuv haqida fikr bildirdi. Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, “Liverpul”ga qarshi uchrashuv jamoasi uchun nafaqat muhim, balki o‘z kuchini namoyish etish imkoniyati ham bo‘ladi.

— Biz amaldagi chempionga qarshi o‘ynaymiz. “Liverpul” hozirgi titul sohibi, “Arsenal” esa hali unga yetisha olmadi. Ular bu yerga chempionlik nomini himoya qilish uchun keladi. Shu sabab bu bahs har ikki jamoa uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Bu bizning darajamizni ko‘rsatish imkoniyati, — dedi Gvardiola City Report nashriga bergan intervyusida.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, u o‘yin boshlanishini intizorlik bilan kutmoqda:

— Men shundoq ham katta bahslar muhitini yaxshi ko‘raman. Bu o‘yinda maydondagi har bir harakat ahamiyatli bo‘ladi. Jamoamiz so‘nggi haftalarda yaxshi formada va muxlislar oldida faqat g‘alaba haqida o‘ylayapti. Har bir futbolchi bu to‘qnashuvning qiymatini yaxshi his qiladi, — deya ta’kidladi u.

Bugun “Etixad” stadionida bo‘lib o‘tadigan bellashuv Toshkent vaqti bilan 21:30 da start oladi. Bu bahs Angliya chempionatidagi kuchlilar jangining eng qiziqarlisi bo‘lishi kutilyapti.

Hozirgi kunda turnir jadvalida “Arsenal” 11 o‘yinda 26 ochko jamg‘arib peshqadamlik qilmoqda. “Manchester Siti” va “Liverpul” esa bittadan kam o‘yin o‘tkazgan holda mos ravishda 19 va 18 ochko bilan ularning izidan kelmoqda.

Maydondagi bu duel chempionlik poygasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Gvardiola jamoasi o‘z maydonida g‘alaba qozonib, yetakchilar safida o‘z mavqeini mustahkamlashni maqsad qilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Sport » Gvardiola: “Liverpul”ga qarshi o‘yin — haqiqiy sinov bo‘ladi