
Kataloniya poytaxtida “Barselona” atrofida yana katta shov-shuv boshlandi. Klubning eng buyuk ramzlaridan biri, sobiq futbolchi Lionel Messi 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida amaldagi rahbar Joan Laportaga qarshi chiqqan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi, deb yozadi ABC nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, argentinalik yulduz bu qarorni ehtiyotkorlik bilan qabul qilgan, ammo uning sabablari juda shaxsiy va chuqur ildizlarga ega. Messi hali ham 2021-yilda Kataloniya klubini tark etishga majbur bo‘lganini Joan Laporta rahbariyatining xatosi va xiyonati sifatida qabul qiladi. Uning fikricha, aynan Laporta va uning moliyaviy siyosati sabab, “Barselona”da qolish imkoni yo‘qolgan.
Hamon ko‘plab muxlislar uchun afsona sifatida qadrli bo‘lgan Messi klub bilan munosabatlarni tuzatishga urinishlariga qaramay, rahbariyat bilan bo‘lgan uzoq yillik ishonch qayta tiklanmaganini yashirmaydi. U 2021-yildagi voqeani shunday eslaydi: maoshini ikki barobarga qisqartirishga rozi bo‘lganiga qaramasdan, Laporta xarajatlarni qisqartirish bahonasida kelishuvni bekor qilgan.
Shu holatdan so‘ng Messi “Pari Sen-Jermen”ga o‘tishga majbur bo‘lgan va shu vaqtdan beri klub rahbariyati bilan munosabatlar jiddiy tarzda sovuqlashgan. Endilikda u Laportaga qarshi bo‘lgan guruhlar bilan yaqin muloqotda. Ular “Barselona”ning yangi davrini boshlash uchun yagona kuchli nomzodni ilgari surish niyatida birlashmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, Messi saylovda faqat haqiqatan ham g‘olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan nomzodni qo‘llab-quvvatlash niyatida. Bu esa uning klub siyosatidagi ta’sirini yanada kuchaytiradi. Chunki argentinalik yulduzning fikri Kataloniyadagi millionlab muxlislar uchun muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda “Barselona” ichida muxlislar fikri ikkiga bo‘lingan. Ayrimlar Laporta klubni iqtisodiy tanazzuldan olib chiqqan deb hisoblasa, boshqalar uning siyosatini futbol an’analariga zid, deb baholamoqda. Messi esa ikkinchi tomonda — u klubni qayta ochiqlik, hurmat va qadriyatlar asosida boshqarish kerak, deb hisoblaydi.
Ekspertlar fikricha, 2026 yilgi saylovlar “Barselona” tarixi uchun hal qiluvchi bo‘ladi. Agar Messi qo‘llayotgan nomzod g‘alaba qozonsa, bu nafaqat klubning ichki siyosatini, balki uning kelajak yo‘nalishini ham tubdan o‘zgartiradi.
Lionel Messi “Barselona”ning eng ulug‘ tarbiyalanuvchisi sifatida klub tarixi va muxlislar qalbida alohida o‘ringa ega. Shu bois uning siyosiy pozitsiyasi, ehtimol, kelgusi yillardagi jamoa taqdirini belgilab beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!