
Toshkentdagi «Humo Arena» yana bir bor haqiqiy boks bayramiga aylandi. «Lift Promotions» va «Matchroom Boxing» hamkorligida o‘tkazilayotgan nufuzli professional boks oqshomi nafaqat muxlislar, balki jahon boksining yetakchi yulduzlarini ham bir joyga jamladi. Kechaning sharafli mehmonlari sifatida ring qirollari Oleksandr Usik va Terens Kroufordning tashrifi boks muxlislari kayfiyatini yanada ko‘tardi.
Shu shov-shuvli kechaning eng katta kutilgan bellashuvlaridan biri — Co-main event jangidir. Unda super og‘ir vazn toifasidagi otlangan yulduzimiz Bahodir Jalolov nigeriyalik kuchli raqib Solomon Adebayoni qabul qildi. Adebayo bugunga qadar professional ringda mag‘lubiyatsiz kelayotgan, 14 ta jangining 13 tasini nokaut bilan yakunlagan xavfli bokschi sifatida tanilgan edi.
Biroq Jalolov maydonga qadam qo‘yganda vaziyat butunlay boshqacha tus oldi. Jangning ilk raundlaridanoq Bahodir raqibini qo‘l ostiga olib, jismoniy ustunligini, taktik ustunligini va hujumdagi o‘tkirligini namoyon etdi.
Eng hal qiluvchi daqiqalar esa 4-raundda yuz berdi. Bahodirning o‘tkir zarbalaridan biri Adebayoni to‘liq yorib o‘tdi va nigeriyalik bokschi nokaut holatida yerga quladi. Haqam jangni to‘xtatdi — ringda mutlaq ustunlik va yana bir mahoratli g‘alaba.
Shu tariqa, Bahodir Jalolov professional boksdagi 17-jangini ham g‘alaba bilan yakunladi. 17 jang — 17 g‘alaba. Bularning ko‘pchiligi nokaut bilan. Bu statistika uning super og‘ir vazndagi eng dahshatli bokschilardan biriga aylanayotganini yana bir bor isbotladi. Adebayo esa prof faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni aynan Toshkentda qabul qilishga majbur bo‘ldi.
Muhimi, bu g‘alaba nafaqat shaxsiy rekord, balki O‘zbekiston boksining kuch-qudratini jahon oldida yana bir bor namoyon etgan voqea sifatida tarixda qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.