
Xorvatiya futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Zlatko Dalich Jahon chempionati saralash bosqichining oxirgi uchrashuvi – Chernogoriyaga qarshi o‘yin oldidan fikr bildirdi. Mazkur uchrashuv 17-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:45 da o‘tkaziladi.
Xorvatiya jamoasi JCHga chiqishni oldindan ta'minlab, Farer orollari ustidan qozonilgan g‘alaba evaziga guruhda birinchi o‘rinni egalladi va bosimdan xoli holda o‘yinga tayyorlanmoqda. "Biz Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritib, bu muvaffaqiyatni nishonladik.
Oldimizda motivatsiyaga toʻla kuchli raqib bilan og‘ir o‘yin bor. Ushbu saralash bosqichidagi eng yaxshi natijani ko‘rsatishni xohlaymiz.
Gʻalaba qozonishni maqsad qilganmiz va maksimal motivatsiya bilan maydonga chiqamiz", – dedi Dalich Xorvatiya futbol ittifoqi rasmiy saytiga bergan intervyusida. Shuningdek, Dalich bir nechta boshqa futbolchilarga imkoniyat berilishini aytib, xalqaro maydonda taniqli Luka Modrichning ham o‘yinda qatnashishini tasdiqladi.
"Chernogoriyadagi muxlislar Modrichni ko‘rishga loyiq. Luka albatta maydonga tushadi", – deya qo‘shimcha qildi u.
Hozirgi vaqtda Xorvatiya 19 ochko to‘plagan boʻlsa, Chexiya 13, Farer orollari 12, Chernogoriya 9 va Gibraltar 0 ochkoga ega.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.