
Bugun o‘zbek shaxmati tarixida ilk bor Jahon kubogida ikki nafar o‘zbek shaxmatchisi yarim finalga yo‘l oldi. Javohir Sindorov tay-brekda Xose Martinezni mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi. Shu tariqa, Nodirbek Yakubboyev bilan birgalikda o‘zaro bahs olib boradi.
Bu natija shuni anglatadiki, Jahon kubogi finalida 100 foiz bir nafar o‘zbek shaxmatchi o‘ynash imkoniga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, Jahon shaxmat toji uchun yo‘llanma beradigan Nomzodlar turnirida kamida bir nafar o‘zbek shaxmatchisi ishtirok etadi – bu o‘zbek shaxmati tarixida ilk bor sodir bo‘lmoqda.
Jahon kubogida dastlabki uchta o‘rinni egallagan shaxmatchilar Nomzodlar turniriga yo‘llanma oladi. Hozir yarim finalga chiqqan to‘rt shaxmatchidan ikki nafari o‘zbeklar bo‘lib, yarim final va 3-o‘rin uchun bahs natijasiga ko‘ra, ikkalasi ham ushbu nufuzli turnirga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va shaxmat ixlosmandlari ikki shaxmatchimiz – Nodirbek Yakubboyev va Javohir Sindorovning muvaffaqiyati bilan tabriklaydi va ularga keyingi bahslarda omad tilaydi. Ushbu tarixiy natija o‘zbek shaxmatining xalqaro maydondagi obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.