
"Bayer" klubi yarimhimoyachisi Aleish Garsiya bugungi raqibi "Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola bilan 2016/17 yilgi mavsumda birga ishlagan davri haqida o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashdi. Bu intervyu jamoalarning YECHL doirasidagi uchrashuvi arafasida e’lon qilindi.
Har o‘yinga alohida yechim
Ispaniyalik futbolchi murabbiyning taktik dahosidan hayratlanganini yashirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pepning eng hayratlanarli jihati – har bir o‘yin uchun butunlay boshqacha taktik yechimlar tayyorlaganida. "U raqibning pressingi va himoya qurilishiga qarab, futbolchilarga turlicha tushuntirishlar bera olardi. Pep har bir narsaning ideal bo‘lishini istaydi — bu uning yutuqlarning asosiy omili", — dedi ispaniyalik futbolchi.
Oshuftalik va doimiy o‘rganish
Gvardiola futbolga benihoyat berilgan inson sifatida ta’riflandi. "Har kuni undan yangi ma’lumot olardik. Uning jamoasida yoki o‘rganishga intilasiz, yoki ortda qolib ketish mumkin edi," — deb esladi sobiq shogird.
Aleish Garsiya Gvardiolani "Manchester Siti" afsonasi deb atadi va u bilan golf turnirlarida uchrashib turishini, u bilan vaqt o‘tkazish har doim yoqimli ekanini qo‘shimcha qildi. Eslatib o‘tamiz, "Manchester Siti" va "Bayer" o‘rtasidagi uchrashuv bugun tunda, Toshkent vaqti bilan 01:00da start oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.