21:34 / 29.01.2017
6 098

G‘oyibnazarov Rassellni ezg‘ilaganini dunyo ko‘rgandi, ammo...

G‘oyibnazarov Rassellni ezg‘ilaganini dunyo ko‘rgandi, ammo...

Xalqaro havaskor boks assosiasiyasi (AIBA) kuni kecha bergan rasmiy bayonotida, bu tashkilotning sobiq rahbarlari Rio-2016 Olimpiadasi boks turniri natijalariga ta’sir o‘tkazishgani bildirildi va maxsus tekshiruv komissiyasi xulosasiga ko‘ra bir qator kadrlar almashinuvi amalga oshirilgani, AIBAning Olimpiadadagi “top”-hakamlarining barchasi musobaqalardan chetlatilgani ma’lum qilindi, deb xabar beradi "Vodiymedia" sayti.
Endi, bir boshdan esga olaylik, Rio Olimpiadasi natijalarining esda qolarli jihati nimadan iborat bo‘lgandi: O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 2 kumush, 2 bronza medal bilan jamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, AQSh terma jamoasi 1 oltin, 1 kumush, 1 bronza bilan 6-o‘rinni egallagandi.
Aynan shu holatni amerikaliklar o‘zlariga “edirolmadilar”. Ularning o‘sha paytdagi prezident nomzodi Donald Tramp “bu O‘zbekiston degan terrorist-davlat o‘zi qayerda?” deb turgan kunlarda Hasanboy Do‘smatov yarim finalda amerikaliklarning eng ishongan bokschisi, olimpiada oltin medali umidi – Niko Fernandezni ringda piypalab tashlagandi. Fazliddin G‘oyibnazarov esa chorak finalda Geri Rassellni shunday ezg‘ilagandiki, bular Trampning ahmoqona gaplari uchun javob bo‘lgandi.
Fazliddin G‘oyibnazarov savalagan AQShlik Geri Rassellning treneri Billi Uolshning mag‘lubiyatdan so‘ng qilgan bayonotini eslaymiz: “O‘zbekiston jamoasi olimpiadada eng yaxshi natijaga erishadi, chunki boshqasi ularni engsa ham g‘alabani unga berishmaydi”(!)
Ortidan uning yordamchisi Key Koroma qo‘shimcha qilgandi: “Xalqaro boks assosiasiyasi kimning sovrindor bo‘lishini oldindan belgilab bo‘libdi…”
Ismini aytmagan bir olimpiada chempioni bokschi (!) esa darrov qilinishi kerak bo‘lgan islohotni ham aytib o‘tgandi. Bu chempion-Iks, Xalqaro boks assosiasiyasi prezidentini va butun boshqaruv a’zolarini ishdan olib tashlansa, hakamlik muammosi echim topadi, deb fikr bildirgandi…
O‘zbekiston bokschilari Rioda ringda qarshisiga chiqqan istalgan raqibni nokaut bilan, hech bo‘lmaganda mutlaq ustunlik bilan engib kelayotganini dunyo ko‘rib turgan bir paytda, ringga qulagan raqiblar ham oyoqqa turib, hamyurtlarimizni qutlagan musobaqada bunday bema’nilikning kun tartibiga aylantirishga urinilgani taajjublantirgandi ochig‘i...
Mana, bugun o‘sha gaplar takror o‘rtaga chiqdi. Xalqaro havaskor boks assosiasiyasining bayonoti haqida xabar qilgan manbalarning ko‘pi o‘sha Geri Rasselni eslatib o‘tmoqda, ba’zilari esa aynan G‘oyibnazarov-Rassel uchrashuvi rasmini xabarga joylashibdi...
Boks – erkak odamning sporti! To‘g‘ri, ayollar boksi ham paydo bo‘ldi, lekin Rassell qatnashgan musobaqa erkaklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgandi. Shunday ekan, mag‘lubiyatni erkakcha tan olishni o‘rgatish kerak ekan ba’zilarga.
Amerikaliklar sportni siyosatga qo‘shib yuborishganiga ko‘p bo‘ldi. AQShning sporti manfaati uchun kimnidir muayyan sport turi bo‘yicha xalqaro federasiya rahbarligidan turli uydirma ayblovlar bilan chetlatish, qaysidir mamlakat sportchilarini musobaqada qatnashish huquqidan mahrum qilish kabilar odat tusiga kirdi. Lekin har doim ham ko‘zlagan maqsadlariga erisha olmayaptilar. Ularni g‘olib bo‘lishi “shartligi”ni qabul qilmaydiganlar chiqib qolyapti.
Shuni bilsinlarki, O‘zbekiston – alp erkaklar yurti! Boks esa, – birma-bir kurashda kim kuchli ekanini yaqqol ko‘rsatadigan sport turi.
Shunday ekan, Xalqaro boksga kim mutasaddi bo‘ladi, hakamlikni kim olib boradi, farqi yo‘q, O‘zbekiston Hasanboylari, Fazliddinlari, Shahobiddinlari va boshqa ring arslonlari AQShlik Rasselllarni, Ernandezlarni, Vargaslarni va boshqa yengilganini tan ololmaydigan jo‘jaxo‘rozlarni engaveradi!
Erkak bo‘lgan mag‘lublikni tan oladi. Mag‘lublikni tan olishni bilmaganlar esa Muhammad Alining qizi bilan bellashsin!

Dilmurod Jumaboyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » G‘oyibnazarov Rassellni ezg‘ilaganini dunyo ko‘rgandi, ammo...