
MLS Kubogi 2025 finalidagi tarixiy g‘alabadan so‘ng Lionel Messi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ngildan chiqqan, hissiyotga boy murojaat qoldirdi. Uning so‘zlarida “Inter Mayami”ga kelgan ilk kunlardanoq bu lahzani orzu qilgani, bu galdagi muvaffaqiyat ortidagi mehnat va birdamlik muhiti yaqqol namoyon bo‘ldi.
Messi o‘z bayonotida jamoaning bosqichma-bosqich o‘sganini, ko‘tarilganini va birgalikda haqiqiy o‘ziga xos loyiha yaratilganini ta’kidladi. Afsonaviy hujumchiga ko‘ra, bu chempionlik nafaqat klub, balki uni qo‘llab-quvvatlagan oilasi va minglab muxlislar uchun ham katta ahamiyatga ega.
«Mayamiga kelgan kunimdan buyon bu kunni orzu qilganman. Biz asta-sekin o‘sdik, rivojlandik va haqiqatan ham maxsus narsa yaratdik — va nihoyat chempionlikka erishdik. Oilamga va barcha muxlislarga qo‘llab-quvvatlagani uchun rahmat. Jamoaga, xodimlarga va klub rahbariyatiga ambitsiya va qilgan mehnati uchun minnatdorman.» - dedi Messi.
Shuningdek, argentinalik yulduz Serxio Buskets va Jordi Albaga alohida minnatdorlik bildirdi. Ularning tajribasi, maydondagi barqaror o‘yini va yetakchilik qobiliyati “Inter Mayami”ning chempionlikka erishishida muhim rol o‘ynadi.
«Bu sarguzashtda menga qo‘shilgani, uni mukammal yakunlashga yordam bergani uchun Buskets va Jordiga ham rahmat deyman. Bu lahzani siz bilan baham ko‘rayotganimdan juda baxtiyorman» - dedi Messi.
«Inter Mayami» finalda «Vankuver Uaytkaps»ni 3:1 hisobida mag‘lub etib, klub tarixidagi ilk chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu g‘alaba Messining AQSHdagi faoliyatida yangi davrni boshladi va unga yana bir bor abadiy chempionlik ruhini his qilish imkonini berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.