
Yevropa transfer bozorini yana bir mish-mish qizdirdi: «Manchester Siti» ustozi Xosep Gvardiola «Real Madrid»ning yorqin talanti Arda Gulerni o‘z jamoasida ko‘rishni juda ham istayapti. Defensa Central tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, mankunianliklar Madrid klubiga noodatiy va juda katta shov-shuvli almashinuv variantni taklif qilishga tayyor ham ekan.
Gap shundaki, ushbu taklifga ko‘ra 20 yoshli Arda Guler Manchesterga yo‘l olsa, «Siti»ning markazdagi asosiy ustuni Rodri Madrid safini to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Qog‘ozda nazariy jihatdan qiziq bo‘lib ko‘ringan bu sxema amalda deyarli imkonsiz, deb ta’kidlaydi manba.
«Real Madrid» rahbariyati Gulerni klubning strategik oliy qadriyatlaridan biri, kelajak uchun «tegilmas futbolchi» sifatida ko‘radi. Yosh turk yarimhimoyachisi ham o‘z navbatida Madridni tark etish fikridan yiroq – u «Santyago Bernabeu»da o‘z nomini tarixga yozish niyatida.
Shu orada Rodrining holati ham bunday almashinuvga mutlaqo mos kelmaydi. So‘nggi bir yil davomida markaziy yarimhimoyachi jiddiy jarohatlar bilan kurashyapti: avval tizzasida og‘ir jarohat olgan bo‘lsa, hozirda son mushagidagi muammolar sabab ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yubormoqda. Gvardiola unga hali ham asosiy taktik qurol sifatida ishonadi, ammo uning sog‘lig‘idagi noaniqliklar jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Qisqasi, Gvardiolaning Guler haqidagi orzusi futbol gazetalarining sahifalarini bezashi mumkin, lekin amalda bu transferning amalga oshishi deyarli imkonsiz. Madridliklar yosh talantini sezdirmay himoya qilmoqda, Guler esa kelajagini aynan Ispaniya poytaxtida ko‘rmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.