
Braziliya chempionatining oxirgi turi kechasi bir qator qiziqarli va muhim uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Ularning eng ko‘zga tashlangani «Santos» va «Kruzero» o‘rtasidagi prinsipial bahs bo‘ldi. Mehmon jamoaga qarshi maydonga tushgan «Santos» ikkinchi bo‘limdagi ustun o‘yini evaziga yirik 3:0 hisobida zafar quchdi.
Bu muhim g‘alaba «Santos»ga turnir jadvalida 12-pog‘onaga ko‘tarilish imkonini berdi va shu tariqa jamoa kelasi mavsum Janubiy Amerika kubogida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Klub bu maqom uchun so‘nggi turlargacha kurash olib borgandi.
Aytish joizki, jamoaning ushbu natijasiga katta ta’sir ko‘rsatgan futbolchi — Neymar bo‘ldi. Uch tur avval u jiddiy jarohat olgan va vrachlar unga o‘ynashni qat’iy man etishgandi. Biroq 32 yoshli yulduz jamoani og‘ir ahvolda yolg‘iz tashlab qo‘ymaslik uchun og‘riq qoldiruvchi ukollar bilan maydonga tushishga qaror qildi.
Shunisi e’tiborliki, Neymar ushbu uchta qiyin bahsda to‘liq o‘ynab, o‘z mahoratini yana bir bor namoyish etdi. U jami 5 ta gol urdi, bitta golga esa hal qiluvchi pas bilan hissa qo‘shdi. Uning o‘zini ayamay o‘ynashi «Santos»ni A Seriyada ushlab qolishda hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Shu tariqa, mavsumning hal qiluvchi pallasida Neymarning maydonga qaytishi va yurakdan o‘ynashi jamoa uchun haqiqiy qutqaruvga aylandi. Muxlislar uning matonati va sadoqatini alohida e’tirof etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.