
«Inter Mayami»ning jahon futboli ramziga aylangan hujumchisi Lionel Messi yana bir bor AQSH chempionatida o‘z so‘zini aytdi. U ketma-ket ikkinchi mavsumda MLSning «Yilning eng yaxshi o‘yinchisi» nufuzli mukofotiga loyiq topildi. Liga rasmiy sayti bu yangilikni e’lon qilar ekan, argentinalik yulduzning yangi tarixiy natijalarini alohida qayd etdi.
Eng qizig‘i, Messi bu mukofotni birin-ketin ikkinchi bor qo‘lga kiritgan MLS tarixidagi ilk futbolchi sifatida yozuvga tushdi. Uning o‘tgan mavsumdagi fantastik ko‘rsatkichlari bunga munosib bo‘ldi: 49 ta uchrashuvda 43 ta gol, 26 ta aniq assist va raqib darvozasiga doimiy xavf solib turgan o‘yin uslubi.
Shuningdek, Messi ketma-ket ikki mavsum davomida kamida 36 tadan gol urgan yagona futbolchi sifatida ham yangi tarix yozdi. Pley-off bosqichida esa uning ishtirokida yana 15 ta gol qayd etildi — bu ham ligadagi mutlaq rekord sifatida qayd etilmoqda.
Yakunlangan mavsumda Messi faqat shaxsiy statistika bilan cheklanib qolmadi. U «Inter Mayami»ning MLS kubogini qo‘lga kiritishiga ham katta hissa qo‘shdi. Jamoa uning yetakchiligida yangi darajaga ko‘tarildi va muxlislar uchun esdan chiqmas mavsum taqdim etdi.
Dunyo futbolida yoshi kattaligiga qaramasdan, Messi qilayotgan ishi bilan hali ham zamonaviy futbolning eng asosiy yuzi ekanini isbotlab kelmoqda. MLSda erishilayotgan bunday natijalar esa uning shiddati hali ham so‘nmaganini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.