
BAAning Dubay shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha Jahon chempionati o‘z nihoyasiga yetdi. Musobaqaning eng so‘nggi final jangi esa og‘ir vazn — +92 kg toifasida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Arman Maxanov rossiyalik tajribali bokschi David Surovga qarshi ringga ko‘tarildi.
Bahs yuqori sur’atda boshlanganiga qaramay, jang davomida tashabbus asta-sekin raqib qo‘liga o‘ta boshladi. Rossiyalik bokschi kuchli zarbalar bilan ustunlikka erishdi va Arman Maxanov bir necha bor nokdaun holatiga tushib qoldi. Voqealar rivojini inobatga olgan holda, ikkinchi raundda murabbiylar jamoasi sportchining salomatligini birinchi o‘ringa qo‘yib, oq sochiq tashlashga majbur bo‘ldi.
Shu tariqa, jang muddatidan oldin to‘xtatildi va Maxanov finalda mag‘lubiyatni qabul qildi. Shunga qaramasdan, u mazkur dunyo birinchiligida kumush medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga yana bir qimmatli mukofot qo‘shdi.
Arman Maxanovning finalgacha yetib kelishi, qator kuchli raqiblarni ortda qoldirishi va jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilishi uning katta salohiyatidan dalolat beradi. Bu natija bokschimiz uchun muhim tajriba bo‘lib, kelgusi xalqaro musobaqalar oldidan mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. Muxlislar esa undan yanada yorqin g‘alabalarni kutib qoladi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.