
Madridning «Real»ida vaziyat keskin. «Santyago Bernabeu» tribunalaridan hushtaklar yangrayapti, Rodrigo murabbiyni quchoqlab tasalli beradi, Jud Bellingem esa omma oldida qo'llab-quvvatlashini aytadi.
Biroq klub rahbariyati natijalar yo'qligini kechirmaydigan odatdagidek qat'iy pozitsiyada: 44 yoshli bask mutaxassis Xabi Alonso uchun har bir o'yin so'nggisi bo'lib qolishi mumkin. Chempionlar ligasida «Manchester Siti»dan 1:2 hisobidagi mag'lubiyat hukmga o'xshaydi.
Ketma-ket ikkinchi uy uchrashuvida yutqazish, so'nggi sakkiz o'yinda atigi ikki g'alaba — raqamlar shafqatsiz. Eng xavotirli tomoni esa boshqa: «Real» anchadan beri ilk bor o'yin ustidan nazoratni yo'qotgandek ko'rinmoqda.
Bu tasodifiy mag'lubiyat emas, balki tizim va boshqaruvning izdan chiqishi taassurotini qoldirdi. Qiziq paradoks: jamoa ichkaridan Alonsoni ochiq himoya qilmoqda.
Rodrigo o'yindan so'ng ataylab yon chiziqda murabbiyga borib, uni quchoqladi va jurnalistlarga shunday dedi: «Tashqaridan turib muammolar yaratishga urinishlar ko'p, bizga birlik kerak». Bellingem esa yanada qat'iy fikr bildirdi: «Bizda ajoyib murabbiy bor, u bilan munosabatlarim juda yaxshi».
Tibo Kurtua, Asensio va hatto yosh Raul Asensio ham bir ovozdan takrorlaydi: jamoa Xabi uchun yuz foiz. Ammo bunday qo'llab-quvvatlashning o'zi yetarli emas.
«Real»da natija birinchi o'rinda turadi. AS nashri xabariga ko'ra, Alonsoga vaziyatni tuzatish uchun uchta uchrashuv berilgan.
Ulardan birortasidagi muvaffaqiyatsizlik ham jarayonni yakunlashi mumkin. Jurnalist Xose Dias esa yanada keskinroq xulosa qiladi: Alonsoning iste'fosi endi «bo'ladimi-yo'qmi» masalasi emas, «qachon» masalasi.
Klub ichida ispaniyalik mutaxassis vaziyatni burib yuborishiga ishonch past. Bo'layotgan voqealarga Oliver Kan ham qattiq baho berdi: «Alonsoning tizimli futbolga asoslangan yondashuvi tor ixtisosli futbolchilarni talab qiladi.
«Real» esa erkinlik va individuallik haqida. Futbolchilar qat'iy sxemalar bo'yicha o'ynashni istamaydi».
Sobiq «Bavariya» darvozaboni muammoning markazini topdi. Xabi «Bayer»dan aniq falsafa bilan kelgan: struktura shaxslardan ustun, intizom improvizatsiyadan yuqori.
Leverkuzen’da bu a'lo darajada ishladi, Madridda esa boshqa reallikka urildi. Bu yerda Vinisius va Kilian Mbappe ko'pincha vaziyatni individual mahorat bilan hal qilishga o'rganib qolgan, pozitsion qayta joylashish va qat'iy rol taqsimoti esa hamma uchun ham qulay emas.
Andrey Arshavin masalani yanada ochiqroq aytdi: «Alonso o'z g'oyalari bilan keldi, «Real»da esa ularni bo'lishmaydigan futbolchilar bor. Gap Vinisius va Mbappe haqida.
Xabi moslashuvchanroq bo'lishi kerak, chunki bunday vaziyatda futbolchilarni emas, murabbiyni almashtirishadi». «Real»da yulduzlar omili doimo juda kuchli bo'lgan.
Alonso bu tartibni o'zgartirishga urinmoqda, natijada esa «Bernabeu»da hushtaklar va atigi yarim yil ichida iste'fo haqidagi gaplar paydo bo'ldi. Kadrlar inqirozi ham vaziyatni og'irlashtirdi.
Eder Militao, Trent Aleksander-Arnold, Dani Karvaxal, Ferlan Mendi, Eduardo Kamavinga va David Alaba uzoq muddatga safdan chiqdi. Hal qiluvchi safar uchrashuvi arafasida tarkibning deyarli yarmi jamoaga yordam bera olmayapti.
Alonso esa vazminlikni saqlamoqda. Muxlislarning hushtagi haqida so'ralganda: «Bu normal holat.
Uyda yutmasang, shunday bo'ladi», dedi. Kelajagi borasida esa qisqa javob berdi: «Men keyingi o'yin haqida o'ylayapman.
Muhimi «Real», jamoa, futbolchilar. Gap men haqimda emas».
La Liga prezidenti Xaver Tebas ham bask mutaxassisni omma oldida qo'lladi: «Xabining Madrid DNKsi bor, u buni ona suti bilan singdirgan». Rivaldo unga vaqt berishga chaqirdi, Jonatan Vudgeyt ehtimoliy iste'foni kutilmagan qaror deb atadi.
Ammo bu ovozlarning bari bitta oddiy haqiqat fonida kuchsiz: «Real» sustkashlikni kechirmaydi. Xabi Alonso «Bayer»da Bundesligani larzaga solgan mexanizm yaratgandi.
«Real»da esa u superyulduzlar, jarohatlar, klub ichidagi siyosat va chidab bo'lmas bosim orasida murakkab jumboqni yig'ishga urinmoqda. Hozircha bu ish yurishmayapti va xatolarga vaqt qolmadi.
Oldinda uchta o'yin turibdi. Yakshanba kuni Alonsoni «Alaves»ga qarshi uchrashuvda yashab qolish imtihoni kutadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.