date

"Manchester Siti" va Husanov: Ekspertdan shov-shuvli bayonot — "Iqtidorsiz"?!

"Manchester Siti" va Husanov: Ekspertdan shov-shuvli bayonot — "Iqtidorsiz"?!

Rossiyalik futbol eksperti Vladimir Mansev O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanovning joriy holati va kelajakdagi istiqbollari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Mutaxassisning bahosi ancha keskin bo‘lsa-da, u bunda Angliya grandidagi yuqori talab va raqobatni asosiy omil sifatida ko‘rsatdi.

Mansevning ta’kidlashicha, Husanov tabiiy iqtidorga ega himoyachi hisoblanadi, ammo hozirgi paytda “Manchester Siti” unga to‘liq mos kelmayapti. Ekspertning fikricha, futbolchi “Lans” safida o‘ynagan davrida muayyan yutuqlarga erishgan, ammo Pep Gvardiola jamoasiga kelganidan so‘ng bosim mutlaqo boshqa darajaga chiqadi.

— “Siti”da har bir o‘yinchiga qo‘yiladigan talab juda yuqori. Gvardiola uni markaziy himoyachi sifatida sinab ko‘rdi, lekin bu pozitsiyada Husanov hozircha o‘zini ko‘rsata olmadi. Qanot himoyasida ham tekshirib ko‘rildi, ammo oldingi harakatlarda ijodkorlik yetishmadi, — deydi Mansev.

Ekspert Husanovning jismoniy ko‘rsatkichlarini inkor etmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tezlik bor, buni Vinisiusga qarshi epizodlarda ham ko‘rish mumkin. Ammo “Manchester Siti” darajasida faqat tezlik yetarli emas.

— Bu jamoada “bosh bilan o‘ynaydigan”, ya’ni maydonda tez fikrlaydigan, vaziyatni oldindan o‘qiydigan futbolchilar jamlangan. Husanovda esa aynan shu komponent hozircha yetishmayapti, — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Mansev o‘z fikrlarini yanada ochiqroq ifoda etib, hatto Husanovni “o‘rtacha” yoki “iste’dodsiz” toifaga kiritish haqida o‘ylaganini aytdi. Shu bilan birga, u bu so‘zlari ko‘plab o‘zbek muxlislarida salbiy reaksiya uyg‘otishini ham tan oldi.

— Mening yaqin do‘stim O‘zbekiston fuqarosi, shuning uchun "iqtidorsiz" degan toifaga qo‘ysam, barcha o‘zbeklar menga qarshi chiqadi. Rostdan ham, meni "sochib tashlashga" tayyor bo‘lishadi. Ammo shaxsiy fikrim shuki, ko‘proq “iste’dodsiz” degan fikrga moyilman. Do‘stlar, hammasi yaxshi bo‘ladi. Lekin, afsuski, u "iqtidorsiz" toifasiga tushadi, — dedi Mansev.

Shu bilan birga, ekspert vaziyat butunlay yomon emasligini ham ta’kidladi, ammo hozirgi holatda Husanov uchun “Siti” darajasi juda yuqori ekanini yashirmadi.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov joriy yilning yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti” safiga o‘tgan edi. Ushbu mavsumda u “shaharliklar” tarkibida jami 8 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Muxlislar esa hali ham yosh himoyachidan vaqt va sabr orqali o‘sishni kutib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » "Manchester Siti" va Husanov: Ekspertdan shov-shuvli bayonot — "Iqtidorsiz"?!