
«Barselona»ning yosh yulduzi Lamin Yamal joriy mavsumda nafaqat klubi, balki butun Yevropa futboli miqyosida ham e’tibor markaziga chiqmoqda. Ispaniyalik vinger muvaffaqiyatli driblinglar soni bo‘yicha Yevropaning top-5 chempionatlarida yetakchilikni qo‘lga oldi.
Squawka ma’lumotlariga ko‘ra, 18 yoshli futbolchi La Liga doirasida raqiblarini 69 marta yakkama-yakka vaziyatda mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiya chempionatlarini qamrab olgan top-5 ligalar orasida eng yuqori natija hisoblanadi.
Ikkinchi pog‘onadan «Tottenhem» hujumchisi Muhammad Quddus joy olgan bo‘lib, u 48 ta muvaffaqiyatli driblingni amalga oshirgan. Uchinchi o‘rinda esa «Real Madrid»ning asosiy yulduzi Kilian Mbappe 47 ta samarali urinish bilan qayd etilgan. Bu esa Yamalning ko‘rsatkichi raqiblarini qay darajada ortda qoldirganini yaqqol namoyon qiladi.
Ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinni «Manchester Siti» vingeri Jeremi Dok-u egallab, uning hisobida 45 ta dribling bor. Beshinchi pog‘onadan esa «Leypsig»ning 19 yoshli iqtidorli futbolchisi Yan Diomande 42 ta muvaffaqiyatli harakat bilan joy oldi.
Lamin Yamal nafaqat driblingda, balki umumiy samaradorlik jihatidan ham ajralib turibdi. U joriy mavsumda La Ligada 13 ta uchrashuvda ishtirok etib, 6 ta gol urish va 8 ta golli uzatmani amalga oshirishga ulgurdi. Bu ko‘rsatkichlar uning yoshiga nisbatan juda yuqori baholanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, Yamalning tezkorligi, texnikasi va qaror qabul qilishdagi yetukligi uni «Barselona»ning kelajakdagi asosiy tayanch futbolchilaridan biriga aylantirmoqda. Agar u shu sur’atni saqlab qolsa, ispaniyalik vinger Yevropadagi eng xavfli hujumchilar qatorida mustahkam o‘rin egallashi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.