
«Vest Hem» ustidan qo‘lga kiritilgan ishonchli g‘alabadan (3:0) so‘ng "Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola uchrashuv tafsilotlari va jamoaning kelgusi maqsadlari haqida ochiq fikr bildirdi.
Ushbu muvaffaqiyat «shaharliklar»ni Premer-liga turnir jadvalidagi ikkinchi o‘rnini mustahkamladi. Bellashuvda Erling Xoland dubl muallifiga aylandi, Tijani Reynders esa «Etihad» stadionidagi ilk golini nishonladi. Bu bahs Rojdestvo tanaffusi oldidan «Siti» uchun oxirgi o‘yin bo‘ldi.
Gvardiolaning ta’kidlashicha, natija quvonarli, ammo hozirgi daraja chempionlikni kafolatlamaydi:
— G‘alabadan mamnunmiz, lekin to‘p bilan o‘ynashni yanada yaxshilamasak, mart, aprel va may oylarida chempionlik uchun jiddiy kurasha olmaymiz. Bu daraja hali yetarli emas, — dedi ispaniyalik mutaxassis.
Shu bilan birga, u jamoaning umumiy yo‘nalishidan qoniqishini ham yashirmadi:
— Biz Chempionlar ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashyapmiz, Liga kubogida yarim finaldamiz, Premer-ligada esa chempionlik poygasida qolyapmiz. Yigitlarga «Rojdestvo bilan» dedim, lekin bir narsa aniq — biz o‘sishda davom etishimiz shart.
Murabbiy tarkibdagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi:
— Rodri, Marmush, Jeremi, Kovachich va Rayan Ait-Nuri maydonda yo‘q. Bugun zaxirada akademiyadan besh nafar futbolchi bor edi. Bu ham holatning qanchalik murakkab ekanini ko‘rsatadi.
So‘z oxirida Pep aniq xulosa qildi:
— Jamoada ishtiyoq bor, ochlik bor, g‘alaba istagi bor. Agar yigitlar aytganlarimni to‘g‘ri qabul qilsa, maqsadga yetamiz. Lekin keyingi qadam uchun yanada yaxshiroq bo‘lishimiz shart.
Ma’lumot uchun, ushbu g‘alabadan keyin «Manchester Siti» ochkolarini 37 taga yetkazib, APLda peshqadam "Arsenal"dan 2 ochko orqada qolmoqda. Bugun, 21 dekabr kuni "Arsenal" safarda «Everton»ni 1:0 hisobida mag‘lub etib ochkolarini 39 taga yetkazib oldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.