
Osiyo futbol konfederatsiyasi milliy terma jamoalar o‘rtasida yangi va muntazam musobaqa — Millatlar ligasi tashkil etilganini rasman e’lon qildi. Tarixiy qaror 21 dekabr kuni Kuala Lumpur shahrida o‘tkazilgan rasmiy bayonot orqali ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi turnir FIFA kunlari doirasida o‘tkaziladi. Asosiy maqsad — milliy jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar sifatini oshirish, xalqaro taqvimni aniq va barqaror qilish, shu bilan birga logistika hamda moliyaviy xarajatlarni qisqartirishdan iborat. Ayni paytda musobaqaning aniq formati, reglamenti va start sanasi ishlab chiqish bosqichida turibdi.
OFK bosh kotibi Datuk Seri Vindzor Jonning ta’kidlashicha, Millatlar ligasi konfederatsiya tarkibiga kiruvchi 47 ta milliy assotsiatsiyaning barqaror va tizimli rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning mantiqiy davomi hisoblanadi.
«Ushbu tashabbus keng qamrovli tahlillar va mintaqaviy futbol federatsiyalari bilan olib borilgan maslahatlashuvlardan so‘ng ma’qullandi», — dedi bosh kotib.
Qayd etilishicha, yangi liga milliy jamoalarga o‘z saviyasiga yaqin raqiblar bilan muntazam bellashish imkonini beradi. Bu esa jamoalarning Osiyo kubogi va Jahon chempionati saralashlari kabi nufuzli musobaqalarga tayyorgarligini yanada samarali qiladi.
Shuningdek, loyiha OFKning tijoriy hamkorlari tomonidan ham ijobiy qarshi olindi. Ular Millatlar ligasi tomoshabinlar qiziqishini oshirib, milliy terma jamoalarning media jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qilishini kutmoqda. Konfederatsiya fikricha, ushbu turnir Osiyo futbolida raqobat muvozanatini kuchaytirib, barcha mintaqalar uchun yuqori sifatli musobaqalarga yo‘l ochadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.