«Manchester Siti» qishda Savino bilan yo‘llarini ajratadi

«Manchester Siti» 21 yoshli braziliyalik vinger Savino bilan qishki transfer oynasida xayrlashishga tayyor. Yozda «Tottenxem» futbolchini olishga uringan, biroq «Manchester Siti» uni saqlab qolib, yangi uzoq muddatli shartnoma taklif qilgan edi. Savinoning klub bilan shartnomasi 2031 yil yozigacha amal qiladi, transfer bozoridagi bahosi esa taxminan 45 million yevroni tashkil etadi.
Manchesterning «Siti» klubi yaqinlashayotgan qishki transfer oynasi oldidan tarkibda o‘zgarish qilishga qaror qildi. Angliya OAVlari xususan, Football Insider nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, «shaharliklar» braziliyalik vinger Savino bilan xayrlashish niyatida.
Manbalarga ko‘ra, yozgi transferlar davrida «Tottenxem» Savinoni o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy harakat qilgan. Biroq o‘sha paytda «Manchester Siti» futbolchini jamoada saqlab qolishni ma’qul ko‘rib, uning ketishiga yo‘l qo‘ymagan va yangi, uzoq muddatli shartnoma taklif etgan edi. Oradan bir necha oy o‘tib, klub rahbariyati pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqdi va endilikda vingerga ketishga ruxsat berishga tayyor.
Ayni paytda 21 yoshli futbolchining transfer bozoridagi bahosi taxminan 45 million yevroni tashkil etadi. Savinoning «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasi 2031 yil yozigacha mo‘ljallangan bo‘lsa-da, bu holat uning qishda jamoani tark etishiga to‘sqinlik qilmasligi mumkin.
Ma’lumot uchun, braziliyalik vinger joriy mavsum Pep Gvardiola qo‘l ostida 24 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shu bilan birga, u doimiy asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanib ulgurmagani ham uning ehtimoliy transferiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri sifatida qayd etilmoqda.































Izohlar 0
…